Yaqin Sharqdagi mojaro: YeI tinchlik konferensiyasini tayyorlamoqda
Yevropaliklar «Yaqin Sharqqa tinchlik olib keladigan yechim topish uchun ma’naviy javobgarlikka ega», dedi Borrel. U ikki davlatga yo‘l ochadigan tinchlik konferensiyasi rejasini taklif qildi.
Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bu haqda 22 yanvar, dushanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi hamda Isroil va Falastin ma’muriyati, shuningdek, bir qator arab davlatlaridan kelgan hamkasblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng YeI bosh diplomati Jozep Borrel ma’lum qildi.
Borrel Yevropa Ittifoqi davlatlariga Yaqin Sharqda tinchlik jarayonini qayta tiklash bo‘yicha ichki muhokama uchun norasmiy hujjat taqdim etganini aytdi. «Men ushbu mojaroga har tomonlama yondashish uchun tinchlik konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lini taklif qilaman», dedi Borrel. Uning aniqlik kiritishicha, bu tinchlik rejasining dastlabki loyihasi bo‘lib, u «Isroil va bo‘lajak Falastin davlati uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashi kerak».
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbari «Yaqin Sharq tinchlik jarayoni» tushunchasini Yaqin Sharqda «ikki mustaqil davlat yaratish jarayoni» bilan almashtirish zarur, deb hisoblaydi. «Biz tinchlik haqida gapiryapmiz, lekin muayyan tartib orqali», dedi Borrel. Uning ta’kidlashicha, Isroil hukumati bu variantga qarshi, ammo bu yangilik emas, chunki «u 30 yildan beri bunga qarshi bo‘lib kelmoqda».
Shunga qaramay, xalqaro hamjamiyat inqirozga yechim taklif qilish mas’uliyatiga ega va «ayniqsa yevropaliklar tinchlik va xavfsizlikni ta’minlaydigan yechim topish uchun ma’naviy javobgarlikka ega», dedi diplomat. «Agar xalqaro hamjamiyat yechim yaratishga muvaffaq bo‘lsa, uni Isroilga taklif qilishi kerak. Agar taklif qabul qilinmasa, tabiiyki, ta’sir kuchi bo‘ladi, lekin biz hali juda, juda dastlabki bosqichdamiz», - dedi Borrel jurnalistlarning savollariga javob berar ekan.
Vazirlar isroillik va falastinlik hamkasblari bilan nima haqida gaplashdi?
Bundan oldin Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats 7 oktyabr kuni HAMAS tashkiloti tomonidan garovga olinganlarning fotosuratlari va bayonoti bilan OAVga chiqdi, ammo savollarga javob bermadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maqsadi Yevropa Ittifoqidagi hamkasblari bilan ikkita asosiy masalani muhokama qilish: garovga olinganlarni qaytarish va XAMASni yo‘q qilishda Isroilni qo‘llab-quvvatlash. «Askarlarimiz juda og‘ir sharoitlarda jang qilmoqda. Biz garovga olinganlarni qaytarib, xavfsizlikni tiklashni istaymiz», - dedi u.
Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Kats bilan suhbat nafaqat Yaqin Sharqda ikki mustaqil davlat yaratishni nazarda tutuvchi yechim, balki G‘azo sektoridagi vaziyat haqida ham bo‘lgan. «Barcha [Yevropa Ittifoqi vazirlari] tinch aholi orasida halok bo‘lganlar soni haddan tashqari ko‘p ekanligi, vaziyat tasavvur qilish mumkin bo‘lgan darajadan og‘ir ekanligi, keng tarqalgan ocharchilik, insonparvarlik ta’minotining jiddiy tanqisligi va ularga kirish imkoni yo‘qligi, isroilliklar 100 kundan ortiq garovda ekani haqida bir fikrga kelishdi», - dedi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, isroillik vazir o‘z hamkasblariga «muhokama qilinayotgan masalaga deyarli hech qanday aloqasi yo‘q» ikkita videoni ko‘rsatgan. Diplomatik doiralardagi manbaning aytishicha, tashqi ishlar vazirlari «hayratda qolgan». Videolardan birida G‘azo sektori qirg‘oqlarida sun’iy orol yaratish loyihasi namoyish etilgan bo‘lsa, ikkinchisi Yaqin Sharqni Hindiston bilan bog‘lovchi temiryo‘l liniyasini qurish loyihasiga bag‘ishlangan, dedi Borrel.
Falastin tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy jurnalistlarga Yevropa Ittifoqidan Isroilni otashkesimga va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahuni ikki davlat yechimiga chaqirishini kutayotganini aytdi. «Uch yarim oy o‘tdi va har kuni o‘lgan, yaralangan va vayronalar ostida ko‘milgan falastinliklar soni ko‘paymoqda», - dedi u.
YeIning Qizil dengizdagi missiyasi
Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Qizil dengizda Yevropa Ittifoqining xavfsizlik missiyasini yaratish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi, shuningdek, uning turli variantlarini muhokama qildi, dedi Jozep Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech kim bunga qarshi chiqmagan, biroq Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari ham operatsiyada qatnashmoqchi emas. Missiyaning ishlashi uchun YeI qaysi davlat qo‘mondonlikni o‘z zimmasiga olishini hal qilishi kerak. Shu va boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilish davom etmoqda.
Mavzuga oid
11:29 / 06.11.2024
Ukrainaga yordam: YeI AQSh saylovlari natijalarini kutmoqda
10:08 / 06.11.2024
YeIdagi yonuvchi posilkalar: Litvada gumondorlar ushlandi
12:30 / 05.11.2024
Janubiy Koreya va YeI KXDR askarlari Rossiyaga yuborilganini qoraladi
10:30 / 05.11.2024