Jahon | 19:44
3250
7 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron urushi fonida Turkiya nega asabiylashmoqda?

NATO parchalanib ketgan taqdirda, Isroil ta’siri ostida AQShning Turkiya bilan ittifoqchiligi barham topadi. Yevropa Ittifoqi esa o‘z mudofaa alyansini tuzadi va unga Turkiyani qo‘shmaydi, boz ustiga bu alyansda Kiprning ham bo‘lishi – Turkiya-YeI nizosiga harbiy tus beradi. Isroil Turkiyaning raqiblari bo‘lmish Gretsiya va Kipr bilan ittifoq tuzgan va endi Hindiston bilan ham harbiy yaqinlikni kuchaytiryapti.

Shu hafta Turkiyaning Antalya shahrida yirik xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Isroil, Gretsiya va Kipr o‘rtasida shakllanayotgan ittifoqni “mintaqadagi musulmon davlatlari uchun jiddiy tahdid” deb atadi. Jumladan, Fidan ushbu ittifoqni Turkiyaning o‘zi uchun tahdid ekanini urg‘uladi.

Isroil, mintaqadagi ba’zi arab davlatlari, Afrika davlatlari hamda Hindiston, Gretsiya va Kipr ishtirokidagi mintaqaviy blok shakllanishiga izoh berarkan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu: “Maqsadimiz – real vaziyat, umumiy tahdidlar va radikal oqimlarga qarshi kurashish bo‘yicha mushtarak bo‘lgan davlatlar o‘qini shakllantirishdir. Radikal shia o‘qi bilan kurashishdir. Shuningdek, endi shakllanayotgan radikal sunniy o‘qiga qarshi ham birlashishdir”, degan edi.

Netanyahu “endi shakllanayotgan radikal sunniy o‘qi” deganda avvalo Turkiya va unga yaqin davlatlarni nazarda tutgandi.

Isroil sobiq bosh vaziri Naftali Bennet ham “Erondan keyingi raqibimiz Turkiya bo‘ladi” degan mazmundagi bayonotlari jiddiy shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Isroildagi hukumatga yaqin OAVlar, tahlil markazlari va siyosatchilar Turkiyani navbatdagi nishon sifatida ko‘rishlarini ochiq gapirishmoqda.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Isroilning Gretsiya, Kipr, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan strategik hamkorligi jiddiy o‘sdi. Gretsiya tashqi siyosati markazida Turkiya turadi, ya’ni Turkiya bilan tirashuv. Janubiy Kipr ham Turkiyani o‘zi uchun eng asosiy dushman sifatida ko‘radi. Hindiston bilan Isroil o‘rtasidagi harbiy-strategik hamkorlik faqat o‘sib bormoqda.

Bu fonda Turkiya Pokiston bilan jiddiy yaqinlashdi hamda Pokiston–Saudiya mudofaa paktiga qo‘shildi. Bu bilan Hindistonning Turkiyaga ishonchsizligi faqat oshdi.

Keyingi vaqtlarda Tramp NATOdan jiddiy norozi. Ayniqsa, AQSh–Eron urushi fonida, u erisha olmagan maqsadlarining o‘chini jumladan NATOdan ham olyapti. “Menga eng kerakli paytda, NATO yordamga kelmadi” deya, AQShni NATOdan chiqib ketish g‘oyasini tez-tez ko‘tarmoqda.

Turkiya – NATO a’zosi. Lekin NATO davlatlari ichida eng “boshqacharog‘i” ham aynan Turkiya. Turkiya – NATO ichidagi yagona musulmon davlati. Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, Turkiya geosiyosiy masalalarda har doim o‘zining “boshqacha fikriga” ega bo‘lib boshladi. Bu Vashingtonning, Bryusselning asabiga tegadi. 2014-16 yillarda G‘arb davlatlari “Turkiya – NATOga loyiq emas” degan siyosiy kampaniya olib borishdi. Biroq, NATO nizomining 13-moddasiga ko‘ra, bu tashkilotdan chiqish faqat o‘sha a’zo davlatning istagi va roziligi bilangina bo‘lishi mumkin. Ya’ni Turkiya agar o‘zi istamasa, uni NATOdan chiqarib bo‘lmaydi.

Turkiya NATO ichida bo‘lib, o‘zini AQSh tajovuzidan himoya qiladi. Isroilning NATOga kirishiga to‘siq qo‘yadi Isroilni Turkiyaga tajovuz qilishdan tiyib turadi. Chunki Isroil Turkiyaga tajovuz qilsa, garchi buni istamasa ham, NATOning qolgan davlatlari yoki Turkiya tarafida turishi kerak, yoki bu alyans de-yure parchalangan bo‘ladi. Buni NATO istamay keldi. Qolaversa, NATO ichida bo‘lish Turkiyaga Rossiya tahdidlaridan ham himoya beradi.

Hozirda yuridik jihatdan NATO davlatlari Turkiyani ushbu tashkilotdan chiqara olmaydi. Biroq mintaqada Turkiya va Isroil o‘rtasida ziddiyat kuchayib boraveradi. Agar AQSh NATOdan chiqsa, NATO shu zahoti parchalanadi, yo‘q bo‘ladi.

AQSh strateglari NATO doirasida Isroilni qanday himoya qilish yo‘llarini topa olishmayapti. Turkiya – Isroilga ishonmaydi, Isroilni NATOga a’zo bo‘lishiga imkon bermaydi. Demak, kelajakda AQSh NATOdan chiqishni va Isroil bilan birgalikda yangi xavfsizlik alyansini tuzish borasida o‘ylab ko‘rishi mumkin. Agar NATO parchalansa, Yevropa Ittifoqi ham o‘zining xavfsizlik tashkilotini tuzib oladi, va bunga Turkiyani qo‘shmaydi. Chunki ko‘p yillardan beri Turkiyani Yevropa Ittifoqiga qo‘shmay kelishadi. Yevropa Ittifoqi o‘zining xavfsizlik alyansini tuzadigan bo‘lsa, bunga Kipr qo‘shilishi bilanoq Turkiya bosqinchi va agressor davlat sifatida baholanadi. Bu tomondan Isroil va AQSh ham Turkiyani mintaqadagi asosiy tahdid deb baholashga moyil bo‘lmoqda.

Mana shu fonda, Turkiya siyosatchilari va strateglari Turkiya xavfsizligini ta’minlash maqsadida, yangi ittifoqlar uchun imkoniyat izlamoqda. Turkiyadagi “Milliyatchilik harakati” partiyasi lideri Davlet Baxcheli – Erdo‘g‘anning muhim siyosiy ittifoqchisi. Ular parlamentda birgalikda yirik koalitsiya tuzishgan. Keyingi oylarda Baxcheli ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan yangi g‘oya bilan chiqmoqda. Uning fikriga ko‘ra, Turkiya mintaqadagi barqarorlikni saqlash va katta urushlarning oldini olish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan birgalikda xavfsizlik alyansi tuzishi kerak.

Bu bilan, Turkiya siyosiy elitasi G‘arbning, Rossiya va Xitoyning ham reaksiyasini o‘rganib ko‘rish maqsadida, ushbu g‘oyani o‘rtaga tashladi.

Isroilning ambitsiyalari va mintaqaviy gegemon bo‘lish siyosati – Yaqin Sharqdagi vaziyatni to‘liq izdan chiqardi. Turkiya ham ushbu sharoitda yangi hamkorlik modellarini izlamoqda. Yangi vaziyatga ko‘ra, AQSh va Isroil – Turkiyaning o‘tmishdagi kabi asosiy hamkorlari va ittifoqchilari emas, aksincha, asosiy oshkora va yashirincha raqiblariga aylandi.

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid