O‘zbekiston | 18:52 / 13.02.2024
14660
2 daqiqa o‘qiladi

Dars qoldirgan o‘quvchilarning ota-onasiga ogohlantirish xati yuborilmoqda

Maktab darslariga sababsiz qatnashmayotgan bolalarning ota-onasiga ogohlantirish xati yuborilmoqda, unda ota-ona farzandining ta’lim olishini ta’minlash bo‘yicha javobgar ekani eslatilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bunday choraning mohiyatini tushuntirdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab darslariga sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilarning ota-onasiga yuborilgan ogohlantirish xati namunasi tarqaldi. Unda bolalarning ta’lim olishiga ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs tomonidan to‘sqinlik qilishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, BHM 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 mln so‘m – 5,1 mln so‘m) miqdorda jarima, bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHM 15 baravaridan 25 baravarigacha (5,1 mln so‘m – 8,5 mln so‘m) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi keltirilgan. 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bunday ogohlantirish xati haqiqatan ham yuborilayotganini tasdiqladi. 

Uning eslatishicha, davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, maktablardagi inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilgan. Ularning asosiy vazifasi, o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onasi bilan ishlashdan iborat. 

«Shu maqsadda darslarga muntazam (uch o‘quv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda «Ogohlantirish xati» yuborilmoqda. Unda o‘quvchilarning ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan... Bundan ko‘zlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligini oshirishdan iborat», deyiladi izohda.

Mavzuga oid