“Malaka oshirish tizimida ko‘proq ilmga asoslanish kerak” - ta’lim eksperti
Malaka oshirish tizimi o‘qituvchining muammolarini aniqlay olmayapti: yechim berishdan oldin muammoni aniqlab olish kerak. Qolaversa, asosiy e’tibor ko‘nikmaga emas, bilimga qaratilyapti. Toifa berish uchun o‘tkaziladigan attestatsiyada esa topshiriqlarning validligi ochiqlanmaydi, deydi pedagog Shokir Tursun.
Kun.uz muxbiri maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirish va ularga malaka toifasini berish tizimining hozirgi holati haqidagi savollar bilan ta’lim bo‘yicha mutaxassis, pedagog Shokir Tursun bilan suhbatlashdi.
— Shokir aka, dastlab suhbatni umumiy savoldan boshlamoqchiman. Ta’limda pedagogning eng asosiy vazifasi nimadan iborat va bu jarayonda uning malakasi qanchalik muhim va o‘qituvchi qanday malakaga ega bo‘lishi kerak?
— Har qanday kasbda birinchi o‘rinda layoqat bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Kasbiy layoqat 4 bosqichli bo‘ladi, har qanday kasb egasi shu to‘rtalasidan biriga kiradi. Birinchisi, ongsiz layoqatsizlik deyiladi, bunday odam o‘z kasbiga tegishli bo‘lgan narsalar ichidan nimalarni bilmasligini bilmaydi, bular yangilik qabul qilmaydigan konservativ odamlar bo‘lishadi. Ikkinchisi, ongli layoqatsizlik, bundaylar nimani qilolmasligini, bilmasligini biladi, bunday odam yangiliklarga ochiladi, kamchilikni to‘ldirishga harakat qiladi. Uchinchisi, ongli layoqatlilik bo‘ladi, bunday odamlar o‘zining nima qilayotganini, nimani qilishini yaxshi biladi. To‘rtinchisi, ongsiz layoqatlilik, bular hamma narsani to‘g‘ri qiladi, lekin nima uchun shu to‘g‘ri ekanini bilmaydi, asoslab berolmaydi. Eng xavflisi birinchi va to‘rtinchisidir. Eng yaxshisi esa uchinchi bosqich. O‘qituvchilikda ham ularning qaysi bosqichda ekanini aniqlab, imkon qadar birinchi va to‘rtinchi bosqichdagilarni kamaytirish kerak bo‘ladi.
Pedagog kim? Menimcha, o‘qituvchi sohasi bo‘yicha o‘zigacha bo‘lgan hamma bilimlarni o‘quvchilarga proyeksiya qilib beradigan, ularning dunyoqarashi, xulq-atvori shakllanishida 30 foiz hissa qo‘shadigan shaxs. O‘qituvchi bilimlarni proyeksiya qilib beradi, toki o‘quvchilarda keyingi bilimlarga asos paydo bo‘lsin. O‘qituvchining gaplari, yurish-turishi o‘quvchi xulqi shakllanishida rol o‘ynaydi, ayniqsa boshlang‘ich sinflarda.
Deylik, men sentabrda yangi sinfga kirib, diktatorga o‘xshab qoidalar o‘rnatadigan bo‘lsam, o‘quvchi xulqiga rahbar haq, itoat qilish kerak, degan narsani singdirib qo‘yishi mumkin. Lekin boshqacha tarzda qilish mumkin. Kirib turib, 3 ta qoidamiz bo‘ladi: o‘qituvchi amal qiladigan, o‘quvchilar amal qiladigan va qoida buzilgandagi jazo qo‘llash, degan narsani tushuntirib, muhokama qilib, bolalar bilan sinf kodeksi tayyorlab xonaga ilib qo‘ysak, o‘quvchi o‘zini jamiyatda teng huquqli inson sifatida ko‘radi, mas’uliyatli ham bo‘ladi.
Masalan, men ona tili va adabiyot o‘qituvchisi bo‘lsam, 45 daqiqalik darsim bilim bermasligi mumkin, lekin bolaning dunyoqarashi shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Biz jamoaviy o‘yinlarda g‘alaba qilolmasligimiz negizini ta’limda deb bilaman. Ta’limda ko‘proq individual ishlanadi. Jamoaviy ishlashga e’tibor bersak, shunda bir-birini to‘ldirishni, jamoaviylikni o‘rganadi.
Har qanday o‘qituvchida nazariy bilim bo‘lishi kerak. Shu paytgacha ta’limda isbotlangan nazariyalar, har xil «-izm»lar mavjud va ular amalda ishlashi isbotlangan. Bu bilimlar asosida insonning o‘rganish jarayoni qanday kechadi, degan savolga javob bor. Har qanday fan o‘qituvchisi uchun bu pedagogika nazariy bilimlari muhim hisoblanadi.
Bir misol aytaman. Psixolingvistika fanida til va inson miyasi munosabati o‘rganiladi. Odamning tili qanday chiqadi, nimaning hisobiga so‘z yasaydi, bir bola so‘zni noto‘g‘ri ishlatayotganiga sabab nimada, degan masalalarni o‘rgatadi bu fan. Shu fanni o‘qiganimdan keyin til o‘qitishga munosabatim o‘zgargan, ya’ni til o‘qitish ham mana shu miya va til munosabatiga mos bo‘lishi kerak, deb o‘ylaganman.
— Malaka oshirish yoki toifa olish tizimlari 5 yil oldingiga nisbatan farqli ekani aytiladi. Ayrimlar buning ancha yengillashib, qiziqarliroq, foydaliroq bo‘lganini, boshqalar esa aksincha murakkablashganini ta’kidlaydi.
— 5 yil oldingi va hozirgi malaka oshirish tizimi katta farq qilmaydi, deb o‘ylayman. Chunki haligacha bilim va ko‘nikmani ajratmayapmiz. O‘qituvchining bilimi ustida oliy ta’lim ishlab bo‘lgan, diplomini bergan. Shu narsa o‘qituvchilar orasida ko‘p e’tirozga sabab bo‘ladi, ya’ni maktabda o‘qidim, o‘qishga shundan imtihon topshirib kirdim, oliy ta’limda ham o‘qidim, bular esa yana shuni so‘rayapti, degan ma’noda. Shaxsan men uchun ham ortiqcha jarayon bu, asabiylashtiradi. Imtihon esa doim stressli bo‘ladi qanchalik to‘g‘ri va shaffof bo‘lmasin. Umuman, malaka oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yaxshi deyolmayman.
Malaka oshirish tizimi o‘qituvchilarning muammosini aniqlay olmayapti, yechim berishdan oldin muammoni aniqlash muhim. Malaka oshirish tizimiga kirganda diagnostik test beriladi, masalan, men hamma testlarni yaxshi yechdim, faqat qaysidir sohamda 75 foiz bo‘lib qoldi, lekin baribir 18 kreditli o‘qishim kerak bo‘ladi. Shunda u testni yechganimdan nima foyda bo‘ldi? Nega muammolarim yo‘q fandan yana kredit olishim kerak? Ortiqcha ish, ortiqcha stress. U yerda o‘rgatiladigan ma’lumotlar men uchun yoqimli bo‘lsa, oldin ko‘rmagan bo‘lsam ekan yoki jarayon qanaqadir qiziq bo‘lsa ekan. Minglab o‘qituvchilar malaka oshiryapti men bilan teng, lekin onlayn bo‘lgani uchun ular bilan gaplasholmayman.
Yaqinda Hong Kongdagi bir universitetning qanday qilib universitetda yaxshi o‘qituvchi bo‘lish mumkinligi haqidagi kursida qatnashdim. Ularning kursi va bizning malaka oshirishni solishtirsa, o‘rtada juda katta farq bor. Ular har bir narsaning nazariyasini, asosini tushuntiradi, topshiriq beradi shu bo‘yicha, topshiriqni yuborgach, ular menga javob berishadi, nima muammo borligini, qanday adabiyotlarni o‘qishim kerakligini aytishadi. Biznikida bitta mavzu o‘qiladi, test chiqadi, videolari ham zerikarli, testlarni ma’ruza matniga qarab yechib-yechib kredit yopiladi. Bu narsani men o‘zimga ep ko‘rmadim, rosti, pedagog sifatida g‘ururimga tegadi bu. Malaka oshirish institutidagi ustozlarga hurmat saqlagan holda aytyapman, albatta.
— Malaka toifasini olishdagi mantiqan boshlang‘ich bosqich bo‘lgan diagnostika testlari haqida so‘ramoqchiman. Bu testlar malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashi aytildi. O‘tgan yili dekabr oyida sinov tariqasida imtihonlar ham bo‘lib o‘tdi.
Kuzatuvchi va bevosita qatnashgan inson sifatida aytsangiz, bu testlar haqiqatan ham malaka ehtiyojini aniqlash uchun xizmat qildimi? O‘zi bu testlar orqali malaka ehtiyojini qay darajada aniqlash mumkin? Aslida idealda kasbiy ehtiyoji qanday, kimlar tomonidan aniqlanishi kerak?
— Davlat, davlat sherikchiligidagi yoki umuman xususiy bo‘lgan har qanday test markazi tomonidan aniqlansa bo‘ladi. Diagnostik test deganda faqat variantli testni tushunmaslik kerak, so‘rovnoma, anketa to‘ldirish, og‘zaki tarzda, ish faoliyatini kuzatish tarzida bo‘lishi mumkin. Aytganimdek, har qanday test markazi tomonidan o‘tkazish mumkin, testologiya qoidalariga mos tarzda, albatta.
Bo‘lib o‘tgan testlarga to‘xtalsak. O‘zimning yo‘nalishimda qatnashdim men xam, ya’ni ona tili va adabiyotdan. Metodika bo‘yicha 5-6 ta savol tushdi. Bir savolda 4 ta variant bir-biridan bittadan so‘z bilan farqlangan. Shu vaziyatda men to‘g‘ri javobni bilaman, bittadan so‘zlar bilan farqlangani uchun bu test aynan qaysi kitobdan olinganini topib, shunga ko‘ra to‘g‘ri variantni belgilashim kerak bo‘ladi. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob bersam ham, mening savol bo‘yicha bilimlarim yoki bo‘shliqlarim aniqlanmaydi. Testologiya qoidasiga ko‘ra, noto‘g‘ri javoblar muammoni aniqlashga xizmat qilishi kerak. Deylik, to‘g‘ri javob A variant, malaka oshiruvchi B variantni belgiladi, shunday vaziyat aynan nega B javobni tanlagani muammoni ochib berishi kerak. Lekin bizdagi diagnostik testlar bu talabga javob bermaydi, hammasi xotira tekshirish testlari xolos.
Men ona tili va adabiyot o‘qituvchisiman, lekin menga adabiyotdan 1 dona savol tushdi, u ham qaysidir asarni kim tarjima qilgani haqida. Yana bir testda o‘quvchining o‘zlashtirishiga bevosita ta’sir qiladigan omil qaysi, deb, diqqat, e’tibor, xulq-atvor, tarbiya deb berib qo‘yibdi variantlarni. Shunda men «diqqat» degan javobni belgilasam, qolganlari o‘zlashtiriishga ta’sir qilmaydi deb rad etgan bo‘laman. Lekin qolganlarini ta’sir qilmaydi deb aytolmaymiz, mavhum narsa bu. Qaysidir pedagog olim qo‘llanmasida shunaqa degan, ular esa shundan test tuzib qo‘ya qolishgan. Bunday testni to‘g‘ri yechsam ham, noto‘g‘ri yechsam ham, muammomni ko‘rsatib berolmaydi. Hatto bilimni ham tekshirolmaydi bu testlar.
Bundan tashqari, diagnostik testlarda juda ko‘p imloviy xatolar bor. Xafa bo‘lishmasin-ku, lekin qo‘l uchida ishlashgan. Ona tili va adabiyot fani testida imloviy xato bo‘lishi bu testni shunchaki test sifatida tan olmaslikka asos bo‘lishi kerak o‘zi.
- To‘liq suhbatni yuqoridagi videoda tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:30 / 22.11.2024
“Boshida kimyoga umuman qiziqmaganman” – o‘qituvchilik ortidan milliarderga aylangan Mohira Boltayeva
19:44 / 18.11.2024
Xorazmda o‘quvchining onasi maktabga borib, o‘qituvchi ayolga tashlandi
12:41 / 10.11.2024
Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposladi
20:43 / 09.11.2024