O‘zbekiston | 09:20 / 21.02.2024
30309
2 daqiqa o‘qiladi

Bloger Abror Abduazimov ozodlikka chiqdi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, blogerga tayinlangan 15 sutka qamoq jazosi taftish tartibida qayta ko‘rilib, tayinlangan jazo o‘zgartirilgan va u ozodlikka chiqarilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, unga tayinlangan 15 sutka qamoq jazosi taftish tartibida qayta ko‘rilib, tayinlangan jazo o‘zgartirilgan va u ozodlikka chiqarilgan.

Abror Abduazimov 6 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi qarori bilan ma’muriy ish doirasida qamoqqa olingan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194- va 195-moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgandi.

Ish tafsilotiga ko‘ra, Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayev 2024 yil 6 fevral kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani «O‘rda» MFY hududida joylashgan Shayxontohur tuman hokimligida baqir-chaqir qilib janjal ko‘tarishgan. Ular holatga aniqlik kiritish maqsadida kelgan ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan, ularga ommaviy ravishda bo‘ysunmasdan, ommani o‘ziga jalb qilib, IIO xodimlariga nisbatan soxta uydirmalarni tarqatgan.

Sud qarori bilan Abror Abduazimov va Xusrav Nasrullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasining 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasida (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganda aybli deb topilib, ularga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m jarima jazosi tayinlangandi.

Mavzuga oid