O‘zbekiston | 13:58 / 12.03.2024
68949
7 daqiqa o‘qiladi

G‘arb davlatlarining o‘zbek uraniga ehtiyoji ortmoqda. Nega?

“Navoiyuran” tabiiy uranni Sankt-Peterburg portidan AQSh va Kanadadagi zavodlarga tashish bo‘yicha tender e’lon qildi. O‘zbekiston – uran zaxiralari va uni eksport qilish bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Xo‘sh, bu qazilma boylikdan nima maqsadlarda foydalaniladi, uning narxi qancha?

Foto: AP

“Navoiyuran” davlat korxonasi tabiiy uranni Rossiyaning Sankt-Peterburg portidan Converdin Enterprise (AQSh) va Cameco Corporation (Kanada) qayta ishlash zavodlariga tashish bo‘yicha tender e’lon qildi.

Tenderga ilova qilingan hujjatlarga ko‘ra, “Navoiyuran”ning AQSh va Kanadadagi bu ikki zavodga tabiiy uran tashish uchun transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ehtiyoji 2024 yilda 300 dona 20 futlik konteynerni tashkil etishi mumkin. Xususan, Cameco Corporation'ga 200 ta va Converdin Enterprise'ga 100 ta. Bir 20 futlik konteynerdagi yukning netto vazni 12,5 tonna, brutto vazni 19,1 tonnani tashkil etadi. Yukning umumiy hajmi 3 750 tonnagacha (300 ta konteyner) bo‘lishi mumkin.

Bir transportirovkada yukning vazni xaridorning talabiga qarab 100 dan 300 tonnagacha o‘zgarishi mumkin. Xaridorning ehtiyojiga qarab oyiga 8 tadan 24 tagacha konteynerlar yuklanadi. Tashish dengiz, temiryo‘l va avtomobil transporti orqali amalga oshiriladi. Xizmatlar 2024 yil davomida ko‘rsatiladi. Har bir tashish Sankt-Peterburg portiga yuborilgan sanadan boshlab 10-15 kun ichida amalga oshirilishi kerak.

Tenderning boshlang‘ich narxi 9 mln dollar qilib belgilangan. Takliflarni qabul qilish 29 martgacha davom etadi.

Uran nima?

Uran – yer ostidan qazib olinadigan ma’dan bo‘lib, tabiiy ravishda uchraydigan elementlar orasida eng og‘irlaridan biri hisoblanadi. Undan atom elektr stansiyalari (AES) hamda dengiz va suvosti kemalarini boshqaradigan yadro reaktorlari uchun yoqilg‘i sifatida keng foydalaniladi. Shu bilan birga, u yadroviy qurollar, radiatsiyadan himoya tizimlarida ham ishlatiladi.

Butunjahon yadro uyushmasi tahlillariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 2022 yilda uranning yillik ishlab chiqarish hajmi 49 355 tonnani tashkil qilgan. Bu uranga bo‘lgan talabning 74 foiziga teng.

Uranning asosiy iste’molchilari sifatida AQSh, Xitoy, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya kabi mamlakatlar keltirib o‘tiladi.

Prognozlarga ko‘ra, uran iste’moli 2030 yilga borib, 79 400 tonnaga, 2040 yilga borib esa 112 300 tonnaga yetishi mumkin. Bunday keskin o‘sishga sabab sifatida Xitoy, Hindiston va boshqa bir qancha mamlakatlarda yangi reaktorlarning ishga tushirilishi kutilayotgani keltirib o‘tilgan.

G‘arb davlatlarining o‘zbek uraniga ehtiyoji kuchaymoqda?

O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi boyitilgan uranni Rossiyadan olib kirishni taqiqlovchi qonun qabul qilgandi. Bu qonun hali kuchga kirmagan bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlar Rossiya uraniga muqobil manbalar topilishi bilan, hamkorlikni to‘xtatish ustida ishlayapti.

AQSh va Yevropadagi atom elektr stansiyalarini quvvatlantirish uchun ishlatiladigan boyitilgan uran yoqilg‘isining 20 foizdan ortig‘ini “Rosatom” yetkazib beradi. Shu sababli ham haligacha Rossiya atom sanoati G‘arb sanksiyalari ostida qolmagan. Shu jihatdan, rus uraniga qaram ko‘plab mamlakatlar Markaziy Osiyoning bu resursga boy mamlakatlari bilan hamkorlik qilish niyatida. Xususan, o‘tgan yili noyabrda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida uran yetkazib berishni ko‘paytirish masalasi asosiy muhokama mavzularidan bili bo‘lishi haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Shuningdek, yana bir yirik ta’minotchi Nigerdagi davlat to‘ntarishidan keyin g‘arb davlatlarining muqobil uran manbalariga bo‘lgan imkoniyatlari yanada qisqardi. Bu orada Qozog‘istonning uran xomashyosi yetkazishni oshirish bo‘yicha potensiali kutilganidan pastroq ekani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Xitoyga ham katta miqdorda uran yetkazib berish rejalarini e’lon qildi. Mana shunday sharoitda o‘zbek urani eksporti uchun yangi bozorlar va yo‘nalishlar paydo bo‘ldi.

“Yevroatom” ta’minot agentligiga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston Yevropaga uran eksportini qariyb 2,7 baravar – 441 tonnagacha oshirgan. Bu davrda AQShga eksport ham qariyb 80 foizga oshib, O‘zbekistonning Amerika bozoridagi ulushi 11 foizga yetgan.

Uranning bahosi qancha?

11 mart holatiga ko‘ra, 1 funt (0,45 kg) uran narxi jahon bozorida 93,5 dollarga baholangan. Hozirgi narxlardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, 2023 yilda O‘zbekistonda 752,4 mln dollarlik (3650 tonna yoki qariyb 8 mln funt) uran qazib olingan.

Taqqoslash uchun, 11 mart holatiga 1 unsiya (31,1 gramm) oltinning jahon bozoridagi o‘rtacha bahosi 2180 dollarni tashkil etmoqda. 1 kg oltinning narxi esa qariyb 76,9 ming dollarga teng.

Oxirgi 20 yillikda uran narxlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 2007 yilning 1 iyun kuni qayd etilgan. Bu davrda 1 kg uran narxi 311 dollargacha ko‘tarilgan. Keyingi davrda mahsulot narxining pasayishi Yevropa mamlakatlarining atom elektr stansiyalaridan bosqichma-bosqich tarzda voz kecha boshlashi va yashil energetika sektorini rivojlantirishga urg‘u berayotgani bilan izohlangan. Ammo Ukrainaga bosqindan keyin Yevropa mamlakatlarining Rossiya gazidan voz kechishga bo‘lgan harakatlari AES uchun zarur uranga nisbatan talabni oshirdi. Bu esa narxlar sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonda qancha uran zaxiralari bor?

2021 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzidagi tabiiy uran zaxiralari hajmi 6 million tonnadan ortiq ekani prognoz qilingan. Shundan 13 foizi Qozog‘iston, 10 foizi Kanada, 8 foizi Rossiya hududlaridagi konlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu borada O‘zbekistondagi uran zaxirasi 131 ming tonna ekani qayd etilib, umumiy zaxiralarning 2 foizini tashkil etishi keltirib o‘tilgan.

O‘zbekiston uzoq yillardan beri uran qazib olish bo‘yicha jahondagi beshinchi mamlakat maqomini saqlab kelmoqda. Xususan, 2022 yilda respublikada 3300 tonna uran qazib olingan. Bu ko‘rsatkich dunyoda olinadigan jami uranning 6,4 foiziga to‘g‘ri keladi.

“Navoiyuran” O‘zbekistonda tabiiy uran oluvchi yagona korxona hisoblanib, 2022 yilda NKMK tarkibidan chiqarilgan holda tashkil etilgan. Mahsulot respublikada ishlatilmaydi va to‘liq hajmda xorijga eksport qilinadi.

2022 yilning iyul oyida qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022-2030 yillarda uran qazib olish hajmini ikki baravar oshirish rejalashtirilgan. Xususan, mahsulot qazib olishni 2021 yildagi 3 526 tonnadan 2030 yilda 7 100 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid