O‘zbekiston | 14:53 / 26.03.2024
15488
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tilanchilar tomonidan foydalanib kelingan bolalar tegishli markazga joylashtirildi

Uchtepa tumanida o‘tkazilgan reydda ta’lim doirasidan chiqib ketib tilanchilikka jalb etilgan o‘quvchilar va onasi tomonidan boshqa ayollarga tilanchilik quroli sifatida foydalanish uchun ijaraga berilgan go‘daklar aniqlanib, tegishli muassasaga joylashtirildi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olgan ayollar pul ishlash maqsadida boshqalarning farzandlarini ijaraga olgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Abdurashid Ochilovning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi masjidlar atrofi va chorrahalarda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 26 nafar ayol aniqlangan. Ularning 13 nafar farzandi ta’lim doirasidan chiqib ketib shu ish bilan shug‘ullanib yurgani sababli Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, 3 yoshga to‘lmagan, 1,5 yoshlar atrofidagi 3 nafar bola o‘zining onasi bo‘lmagan boshqa ayollar tomonidan tilanchilik quroli sifatida foydalanilayotgani ma’lum bo‘lgan. Bolalarni o‘rnatilgan tartibda go‘daklar uyiga joylashtirish choralari ko‘rildi, dedi Ochilov.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish 1–3 BHM (340 ming so‘mdan 1 mln 20 ming so‘mgacha) ma’muriy jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

Tilanchilik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs bu qilmishni takroran sodir etsa, Jinoyat kodeksiga asosan 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, ma’muriy va jinoiy javobgarlik kodekslarida bolalarni, qariyalarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqalarni tilanchilik qilishga jalb etganlik uchun 5–10 BHM ma’muriy jarima yoki 3 yil ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazolar ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid