Jahon | 10:50 / 29.03.2024
3164
3 daqiqa o‘qiladi

Varshava va Kiyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha kelishuvga yaqinlashdi

Polsha va Ukraina bosh vazirlari muzokaralarni konstruktiv deb atadi, biroq Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha faqat umumiy yondashuvlarni belgilab oldi. 

Foto: AP

28 mart, payshanba kuni Varshavada ikki davlat bosh vazirlari – Donald Tusk va Denis Shmixal hamraisligida Polsha-Ukraina hukumatlararo maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi. Ularning asosiy mavzusi Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha kelishmovchiliklar edi

Muzokaralar va yakuniy matbuot anjumani ortidan Tusk tomonlar kelishuvga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, muzokaralar davomida mamlakatlar Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish kvotalarini belgilash, shuningdek, Kiyevdan Polsha hududi orqali yuklarni tranzit qilish masalasida muvaffaqiyatga erishgan. Polsha bosh vaziri Shmixal bilan yaqinda qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Ukraina bilan savdo sohasida Varshava manfaatlariga javob beradigan qarorlarini muhokama etganini ta’kidladi. «Bu Ukraina tomonida hayrat uyg‘otmasa kerak, ammo biz hech kimga og‘riq keltirmaydigan usullarni qidirmoqdamiz», dedi bosh vazir. Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va Varshava Ukrainadan Polshaga kelishi mumkin bo‘lgan mahsulot miqdorini aniqlagach, muammoni hal qilishga yaqinlashadi. 

Shmixal, o‘z navbatida, muzokaralar nihoyatda konstruktiv o‘tganini ta’kidladi. «Bugun ayta olamanki, biz blokadani olib tashlashda aniq muvaffaqiyatga erishdik», — deya xulosa qildi u polshalik fermerlar tomonidan ikki davlat chegarasidagi bir qator nazorat-o‘tkazish punktlari to‘sib qo‘yilganiga ishora qilib. 

Polsha fermerlari nazorat-o‘tkazish punkti blokadasini to‘xtatdi 

Shu kuni norozilik bildirgan fermerlar Ukraina bilan chegaradagi «Ugrinov-Dolgobichuv» nazorat-o‘tkazish punktini vaqtincha ochib qo‘ydi. Bu haqda Ukraina Davlat chegara xizmati xabar berdi. Departament aniqlik kiritishicha, yuk mashinalarining nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirishi odatdagidek har ikki yo‘nalishda ham amalga oshirilmoqda va taxminan 2 aprelgacha davom etadi. 

Ayni paytda nazorat-o‘tkazish punktida 120 ta yuk transporti chegaradan o‘tish uchun navbat kutmoqda. Ma’lum qilinishicha, Polsha tomonidan ikkita eng yirik «Yagodin» va «Rava-Russkaya» nazorat-o‘tkazish punktlarini to‘sib qo‘yish davom etmoqda. 

Mavzuga oid