18 aprel kuni kunduzi Kiyev shahrining Goloseyevskiy rayonida qurollangan shaxs ko‘chadagi odamlarni o‘qqa tutdi. Keyin u «Velmart» supermarketiga yugurib kirib, u yerdagi odamlarni garovga olgan, deb xabar beradi Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko brifingda.
Supermarket binosi va unga yondosh ko‘chalar politsiya tomonidan o‘rab olingan. Maxsus topshiriqli bo‘linma shturm uyushtirgan va otishma uyushtirgan shaxs o‘ldirilgan.
Ko‘chada to‘rt kishi, supermarketda yana bir kishi olingan jarohatlar oqibatida vafot etgan. Keyinroq shifoxonaga yotqizilganlardan biri ham jon bergani ma’lum bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shanba kuni kechqurun 14 kishi yaralangani, ular orasida 12 yoshli bola ham borligini ma’lum qildi. U bu yakuniy ma’lumot emasligini va odamlar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishda davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.
Dastlabki xabarlarda hujumchining qo‘lida avtomat bo‘lgani aytilgandi. Ammo Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko brifingda hujum karabin orqali amalga oshirilganini ma’lum qildi. «U juda yaqin masofadan bittalab o‘q uzgan va odamlarda tirik qolish imkoni bo‘lmagan. Yaqinlashgan va otgan. Bittalab o‘q uzgan, chunki bu bir tepkida bir o‘q otiladigan karabin bo‘lgan», – degan Klimenko.
IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u qurol uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan. «U 2025 yil dekabrida tegishli organlarga undan foydalanishga ruxsat berish so‘rovi bilan murojaat qilgan. U tibbiy ma’lumotnoma taqdim etgan. Tergov buni unga kim taqdim etganini tekshirmoqda», – degan vazir.
Klimenkoning so‘zlariga ko‘ra, shturm boshlanishidan oldin «40 daqiqa» davomida jinoyatchi bilan muzokara olib borishga urinishgan. Ammo u «hech qanday javob qaytarmagan, buning ustiga garovdagilardan birini o‘ldirgan», deya yozadi «RBK-Ukraina».

Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko esa Goloseyevskiy rayonidagi otishma «Moskvada tug‘ilgan 58 yoshli shaxs» tomonidan uyushtirilganini aytgan, ammo uning shaxsini ochiqlamagan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, o‘t ochgan shaxs Dmitriy Vasilevich Vasilchenkov bo‘lib, u 1968 yil 21 aprelda Moskvada tug‘ilgan va Kiyevning Goloseyevskiy rayonida yashab kelgan. U ko‘chaga odamlarni otish uchun yo‘l olishdan oldin o‘z kvartirasini yoqib yuborgan. U Kiyevga kelishdan oldin Donetsk oblastining Baxmut shahrida yashagan. Vasilchenkov Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan.















