O‘zbekiston | 14:39 / 01.04.2024
3395
2 daqiqa o‘qiladi

Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etilmoqda

Vazirlar Mahkamasining «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat bilan:

  • Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizom;
  • Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Ekspert komissiyasi ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hamda ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va (yoki) tegishli sohada davlat siyosatini yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzurida tuziladi.

Texnik reglament loyihasini ishlab chiquvchi organ  uni komissiyaga yuboradi, komissiya a’zolari tomonidan 15 kalendar kun ichida takliflar taqdim yetiladi. Taqdim etilgan loyiha bo‘yicha komissiya yig‘ilishida qaror qabul qilingandan so‘ng qaror bir hafta ichida manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Standartlar instituti tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi tashkil etilmoqda. Uning vazifalari:

  • JSTga a’zo davlatlarni respublikada xalqaro standartlarga asoslanmagan yoki ulardan sezilarli darajada farq qiladigan yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilayotganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida (ishlab chiqish bosqichida) xabardor qilish;
  • JSTga a’zo davlatlar axborot markazlari so‘rovlariga javoblar taqdim etish;
  • JSTga a’zo davlatlarining yangi texnik reglamentlarni ishlab chiqish bo‘yicha xabarnomalari bo‘yicha fikr bildirish;
  • JSTga a’zo davlatlarning savdodagi texnik to‘siqlar sohasida rejalashtirilgan yoki qabul qilingan choralari to‘g‘risidagi xabarnomalarni respublikaning tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalari va boshqa manfaatdor tomonlarga ularning so‘roviga ko‘ra taqdim etish.
     

Mavzuga oid