Xitoyda yirik suv toshqinlari: rasmiylar bir provinsiyada 110 ming kishini evakuatsiya qildi
Mamlakat janubida kuchli yomg‘ir va bo‘ronlar kuzatilmoqda. Noqulay ob-havo tufayli tog‘li hududlarda ko‘chkilar sodir bo‘lgan, daryolar qirg‘oqlaridan chiqib, suv sathi kritik darajadan ko‘tarilib ketgan.
Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasiga yopirilgan kuchli yog‘ingarchiliklar rasmiylarni mamlakatning aholi tig‘iz yashaydigan ushbu qismida 110 ming kishini evakuatsiya qilishga majbur qildi.
Xinhua davlat axborot agentligi xabar berishicha, 22 aprel holatiga ko‘ra, to‘rt kishi halok bo‘lib, yana 10 kishi bedarak yo‘qolgan.
Agentlikka ko‘ra, 36 ta uy qulagan, yana 48 tasi jiddiy shikastlangan. Suv toshqinlari yetkazgan jami zarar miqdori ayni vaqtga kelib 140 mln yuandan ortiqqa (19 mln AQSh dollari) baholanmoqda.
Marvarid daryo (Chjutszyan deb ham ataladi) deltasi Xitoy janubidagi iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hudud, elektron qurilmalar, o‘yinchoqlar, libos va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladigan markazlardan biri hisoblanadi. Mamlakat savdo aylanmasining taxminan uchdan bir qismi ushbu daryo deltasidagi iqtisodiy zona hissasiga to‘g‘ri keladi. Mintaqada 127 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Ushbu regionda faoliyat ko‘rsatuvchi ikki kompaniya rahbarlari Reuters agentligi bilan suhbatda ekstremal ob-havo sharoitiga qaramay, biznesning o‘zi yoki yetkazib berish zanjirlari uchun oshig‘ich salbiy oqibatlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Ilon Maskning Tesla avtomobil kompaniyasi uchun ham bosish platalari ishlab chiqaruvchi Camelot PCB kompaniyasi odatdagi tartibda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, plastmassalar ishlab chiqaruvchi, Apple, Huawei va Samsung kabi texnologiya gigantlarini ta’minlovchi Polyrocks Chemical kompaniyasi ham barchasi joyida ekanini bildirgan.
Davlat nashrlarida namoyish etilgan kadrlarda va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yer uchastkalari va ko‘chalar suv ostida qolgani, qutqaruvchilar suv kechib odamlarni xavfsiz joylarga olib o‘tayotgani aks etgan.
Dushanba tongida rasmiylar provinsiya shimolidagi daryolarda suv sathi maksimumga yetishi mumkinligi, bunday holat «100 yilda ro‘y berishi», ammo hozircha bu ro‘y bermaganini ma’lum qilgan.
Guandun provinsiyasining katta qismi Marvarid daryosi deltasida joylashgani tufayli dengiz sathini ko‘taruvchi bo‘ronlar ortidan tez-tez suv toshqinlariga duchor bo‘ladi.
Bu safargi suv toshqinidan provinsiya markazi sanalgan Guanchjou, shuningdek Shaoguan va Heyuan shaharlari eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Shanba va yakshanba kunlari 1,16 milliondan ortiq uylar elektrsiz qolishgan, dushanba kuniga kelib uylarning bir qismida elektr energiyasi ta’minoti tiklangan.
Xinhua agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kamida 110 ming kishi evakuatsiya qilingan, shundan 25,8 ming nafarga yaqini vaqtincha boshpanalarga joylashtirilgan.
Guanchjou xalqaro aeroportida reyslar bekor qilingan. Uchta shaharda rasmiylar barcha maktablarni yopishgan.
Qingyuan va Shaoguan shaharlari rasmiylari bir qancha daryolarda kemalar qatnovini to‘xtatgan, atrofdagi portlar ma’muriyatlari avariya buksirlari va avariya-qutqaruv kemalari faoliyatini muvofiqlashtirmoqda, shuningdek nisbatan jiddiy jabr ko‘rgan hududlarga qutqaruv jamoalarini yubormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan kadrlarda tez oqayotgan suv devor va ko‘priklarni yuvib ketayotgani aks etgan.
Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri uning oilasi uyning birinchi qavatidagi mebellarni qanday qilib uyning yuqori qismiga olib chiqishga uringani haqida so‘zlab bergan.
«Kuchli yomg‘irlar birinchi qavatning yarmini suv ostida qoldirdi, — degan u yakshanba kuni kechqurun. — Qo‘rqamanki, ikkinchi qavat ham tez orada suvda qoladi. Men o‘zimni juda ilojsiz his qilmoqdaman...».
«Men kecha uyga qaytayotganimda bir yarim soat yomg‘ir quydi, xuddi sharsharadek, — deydi Weibo tarmog‘idagi boshqa bir foydalanuvchi. — Men umuman yo‘lni ko‘rmadim».
Xitoy meteorologiya xizmatlari Guandunda va qo‘shni Futszyan provinsiyasining ayrim tumanlarida kuchli yomg‘irlar davom etishidan ogohlantirgan.
Mamlakatning boshqa qismlarida, jumladan Pekin, Tyanszin va Hebey provinsiyasida ham «o‘rtacha kuchlilikdagi» yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
O‘tgan yili Pekin va unga yondosh provinsiyalar, jumladan Hebey suv toshqinlaridan jabrlangan, o‘shanda Xitoyga Tinch okeanidan kelgan to‘fonlar seriyasi yopirilgandi.
Pekinda so‘nggi 140 yillikdagi eng kuchli yomg‘irlar yoqqandi.
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024