Jahon | 13:06 / 07.05.2024
8078
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Rafah shahrida nazorat punktining Falastinga tegishli qismini egallab oldi

G‘azo sektoridagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti o‘z ishini to‘xtatdi. Uning tepasida Isroil bayrog‘i hilpirab turgani aytilyapti.

Foto: Israeli Army/AFP

7 may, seshanbaga o‘tar kechasi Isroil harbiylari G‘azo sektori janubiy qismidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktining Falastin qismi ustidan «operativ nazorat» o‘rnatilgani haqida ma’lum qildi. Isroil ommaviy axborot vositalari nazorat-o‘tkazish punktining Falastin qismi ustida Isroil bayrog‘i hilpirab turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.

6 may oqshomida Isroil harbiylari Rafahning sharqiy qismiga «maqsadli zarbalar» bergani, natijada HAMAS guruhining 20 nafar jangchisi yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi. Askarlar uchta tunnel shaxtasini ham topgan. Isroil armiyasi vakili aytishicha, tinch aholining katta qismi allaqachon Rafahdagi evakuatsiya zonasini tark etgan.

«Rafah» nazorat punkti o‘z ishini to‘xtatdi

G‘azo shahridan janubda joylashgan «Rafah» nazorat-o‘tkazish punkti Isroil zirhli-tank brigadalaridan birining tankchilari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar beradi Isroil harbiylari va Falastin tomoni. Falastin milliy ma’muriyati vakilining aytishicha, G‘azo sektori uchun insonparvarlik yordami katta qismi o‘tgan joy o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 

«Rafahning butun g‘arbiy qismi urush teatriga aylangan va portlashlar to‘xtagani yo‘q», deb aytgan vakil. U gumanitar yordam xodimlari o‘qqa tutilishidan qo‘rqib hududni tark etganini qo‘shimcha qildi.

Bir kun oldin Isroil Rafahdan tinch aholini evakuatsiya qila boshladi, u Isroilda HAMASning G‘azo sektoridagi so‘nggi tayanch nuqtasi deb ataladigan bu shaharga hujum qilishga hozirlik ko‘ryapti. Ittifoqchilar ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lishidan tashvishlanib, Isroilni harbiy operatsiyadan voz kechishga chaqirdi. Bir milliondan ortiq falastinlik qochqinlar G‘azo sektoridagi janglardan qochib, Rafahga yetib kelgan.

HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi

Isroil Rafahga texnika va qo‘shin olib kelgach, HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi. Harakat vakillari bu haqda Qatar bosh vaziri va vositachi bo‘lgan Misr razvedkasi rahbarini xabardor qilgan.

Shu bilan birga, «Al-Jazira» telekanali HAMASning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berishicha, guruh tomonidan qabul qilingan taklif Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketish, qochqinlarni qaytarish va garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashtirishni o‘z ichiga oladi. 

O‘z navbatida, isroillik amaldorlardan biri Reuters agentligiga vositachilar guruhga Misrning «yumshatilgan» taklifini yetkazgani, u Isroilga yoqmaganini xabar berdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 34,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid