Jahon | 18:32 / 15.05.2024
24367
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziri suiqasd oqibatida yaralandi

Robert Fitso bilan uchrashish uchun yig‘ilib turgan odamlar orasidan 3-4 marta o‘q uzilgan. Uning ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso mamlakat hukumati a’zolari yig‘ilishidan keyingi otishma oqibatida jarohatlangan.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Fitsoga Gandlova shahrida (poytaxt Bratislavadan 190 kilometr masofada) suiqasd uyushtirilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Fitso hukumat yig‘ilishidan keyin mahalliy aholi vakillari bilan ko‘rishgan, ulardan biri esa unga qarata o‘t ochgan. Natijada bosh vazir yerga yiqilgan, uning ko‘krak sohasi, qorin qismi, qo‘l va oyoqlariga jarohat yetkazilgani aytilmoqda.

Bosh vazir vertolyotda Gandlova yaqinidagi Banska-Bistritsedagi shifoxonaga olib borilgan, chunki Bratislavaga olib borish ko‘p vaqt talab etardi.

Uning feysbukdagi rasmiy sahifasida ahvoli o‘ta og‘ir ekani, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Pravda nashri hujumdan keyin olingan videoni namoyish etgan, unda Fitso bukchaygancha xizmat avtomobiliga chiqayotgani aks etgan.

HNonline.sk nashri yozishicha, politsiyachilar hujum qilgan shaxsni darhol qo‘lga olishgan. 

U Slovakiyaning Levitse shahridan bo‘lgan 71 yoshli shaxs ekani aniqlangan.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Roberta Fitsoga hujum qilgan shaxs - slovakiyalik taniqli yozuvchi Yuray Chintula.

U liberal «Progressiv Slovakiya» partiyasi faollaridan hisoblanadi.

Gandlova shahrida Robert Fitsoga hujum qilgan shaxsning qo‘lga olinishi
Radovan Stoklasa / Reuters / Scanpix / LETA

Gandlova shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda hukumat a’zolari Slovakiyaning ikki hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni muhokama qilishgandi.

Putinning Yevropadagi do‘sti

Robert Fitso 2023 yil oktyabrida parlament saylovlarida uning «Kurs — sotsial demokratiya» partiyasi g‘olib chiqqach, hukumat rahbarligiga kelgandi. Saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Robert Fitso Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatilishiga qarshi ekanini aytgandi.

Uning boshchiligidagi Slovakiya hukumati Ukrainaga 40,3 mln yevrolik harbiy yordam paketini blokladi.

Fitso Slovakiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini ma’qullamagan va buni «eng katta ma’nosizlik» deb atagan.

U mamlakat bundan buyon Kiyevga harbiy yordam ajratmasligini ma’lum qilgan, G‘arbning Ukrainaga yordami ma’noga ega emasligi va faqat qurbonlar soni ortishiga olib kelishini ta’kidlagan.

Fitso Rossiyaga qarshi sanksiyalar «Slovakiya aholisi hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi»ni bildirgan.

Mavzuga oid