O‘zbekiston | 19:28 / 31.05.2024
12694
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Buxoroda yirik majmualar qurilishini boshlab berdi

Buxoro tumanida xalqaro aeroport, Qorako‘lda MTO gaz-kimyo majmuasi, Olot tumanida quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Buxoro viloyatida yirik energetika va transport majmualarining qurilishi boshlandi. Qayd qilinishicha, hududda gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi, Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur majmualar qurilishini boshlab berdi. 

Ulardan biri «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasida quriladigan gaz-kimyo majmuasidir. U «methanol to olefins» (MTO) texnologiyasi asosida ishlaydigan birinchi zavod bo‘ladi. 

Loyiha doirasida qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb etilib, AQSh, Germaniya, Daniya, Avstriya, Italiya va Xitoyning eng ilg‘or texnologiyalari o‘rnatiladi. Yagona majmua doirasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, yurtimiz va jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlar gaz narxiga nisbatan 5 barobar ko‘p qo‘shilgan qiymat beradi. 

Yangi zavodda 2 ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, u qurilish, to‘qimachilik, charm-poyabzal, avtomobilsozlik, elektrotexnika va boshqa turdosh sohalarda o‘nlab korxonalar, yana 4 mingta ish o‘rni ochilishiga turtki bo‘ladi. 

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi tomonidan 250 megavattli quyosh elektr stansiyasi ham quriladi. Bu loyiha uchun Olot tumanidan 648 gektar yer ajratilgan. Stansiya 2025 yil dekabrda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan. 

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Saudiya Arabistonining «ACWA Power», Xitoyning «Gezhouba» kompaniyalari tomonidan ham muqobil energiya majmualari barpo etilmoqda. 2030 yilga borib viloyatdagi quvvatlar 9 karra ortib, yiliga 12,5 milliard kilovatt soat «yashil» energiya ishlab chiqarilishi mumkin. 

Shu bilan birga, xususiy sheriklik shartlari asosida Buxoro tumanida yangi xalqaro aeroport qurish ko‘zda tutilgan. 226 million dollarlik ushbu loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport infratuzilmasi tashkil etiladi. Soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.

Mavzuga oid