Iqtisodiyot | 10:17 / 13.06.2024
6708
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi - Ketrin Tay

AQSh savdo vakili Ketrin Tay Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash va GSP tizimi doirasida savdo imtiyozlarini berishni qayta tiklash niyatini tasdiqladi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

11 iyun, seshanba kuni O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan AQSh Savdo vakili, elchi Ketrin Tayning rasmiylar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Xususan, elchi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik holatini muhokama qildi hamda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Amerika tomoni AQSh Kongressining Umumiy imtiyozlar tizimi dasturini jonlantirish va yangilash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi va O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlashda GSP rolini e’tirof etdi. Elchi Ketrin Tay ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi.

Tomonlar raqamli savdoni rivojlantirish maqsadida qonunchilikni uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilishga o‘zaro tayyorligini bildirdi.

Ketrin Tay Amerika tomoni O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha qat’iyat bilan harakat qilayotganligini hamda O‘zbekistondagi savdo rejimini JST qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ketrin Tay O‘zbekistonni intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi barqaror ijobiy o‘zgarishlar tufayli Maxsus 301 kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilgani bilan tabrikladi. Tomonlar bu borada yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ketrin Tay, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bilan ham uchrashdi.

Foto: Bandlik vazirligi
Foto: Bandlik vazirligi

Shuningdek, AQSh savdo vakili O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti a’zoligiga tez fursatlarda qo‘shilishini Qo‘shma Shtatlar hukumati to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Mavzuga oid