Politico Belarus Ozarboyjonga qurol yetkazib bergani haqida xabar qildi
2018 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda Belarus Ozarboyjonga ilg‘or qurol-yarog‘lar yetkazib bergan, deb yozadi Politico maxfiy hujjatlarga tayanib. Bu Yerevan tomonidan «xiyonat» sifatida baholandi, chunki Armaniston ham, Belarus ham – KXShT a’zolari.
«Belarus Armanistonning raqibiga, Rossiya boshchiligidagi xalqaro mudofaa pakti (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, KXShT) doirasida ittifoqchilar hisoblanganiga qaramay, ilg‘or qurol-yarog‘lar yetkazib bergan», deb yozadi 13 iyun, payshanba kuni Politico internet-nashri manbalarga tayanib.
Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, Yerevanning KXShTdan chiqish haqidagi qaroriga aynan shu holat ta’sir qilgan. Bu qadam Rossiya prezidenti Vladimir Putinning possovet hududidagi ta’sirini susaytiradi, deb hisoblaydi Politico.
Jurnalistlar o‘ndan ortiq maktublar, diplomatik notalar, hisob-fakturalar va eksport pasportlarini ko‘rib chiqqanini da’vo qilmoqda. Aynan mana shu hujjatlar 2018 yildan 2022 yilgacha Belarusdan Ozarboyjonga qurol yetkazib berilganini tasdiqlaydi. Shu jumladan, Bokuga eskirgan artilleriya uskunalarini modernizatsiya qilish, elektron urush tizimlari va dronlar uchun yangi jihozlar yetkazib berish bo‘yicha xizmatlar taklif etilgan.
«Bu yetkazib berishlar Moskvaning xabarisiz sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin va agar Rossiya xohlasa, ularni to‘xtata olmasdi, deb o‘ylash bema’nilik», - deya iqtibos keltiradi nashr Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi (The Foundation for Defense of Democracies) tadqiqotchisi Ivana Stradner so‘zlaridan.
Qurol ta’minoti bo‘yicha maxfiy hujjatlar
«Hujjatlar orasida - Belarus davlat qurol eksporti agentligining o‘zining harbiy-sanoat firmalariga artilleriya tizimlaridagi nishonlarni aniqlash uchun eng yangi jihozlar buyurtmasi to‘g‘risidagi xatlari, shuningdek, Ozarboyjon qurolli kuchlari uchun «Groza-S» mobil jangovar stansiyalarni sotib olish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi yozishmalar ham bor», - deya aniqlik kiritadi nashr.
Rossiyaning ittifoqchisi Belarusning Ozarboyjonni ilg‘or harbiy texnika bilan ta’minlash, Bokuga Armaniston bilan qator harbiy mojarolarda ustunlik berish qarori Yerevan tomonidan «shafqatsiz xiyonat» sifatida baholandi, deya ta’kidlaydi Politico.
Mart oyida Armaniston KXShTga a’zoligini amalda to‘xtatdi, may boshida esa Yerevan bu tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishini e’lon qildi.
Armaniston Lukashenkoning Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha pozitsiyasidan norozi
«Armaniston Respublikasining Belarusdagi elchisi (Razmik Xumaryan) Yerevanga maslahatlashuvlar uchun chaqirildi», dedi Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyan 13 iyun kuni Telegram-kanalda. Arman ommaviy axborot vositalarining yozishicha, bir kun avval mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan Aleksandr Lukashenko rahbar bo‘lgan paytda o‘zi ham, Armaniston Respublikasining boshqa birorta rasmiy vakili ham Belarusga bormasligini aytgan.
Pashinyan o‘z qaroriga sabab sifatida Lukashenkoning Yerevan va Boku o‘rtasidagi harbiy mojaro haqidagi so‘nggi bayonotini keltirdi, uning natijasida Ozarboyjon butun Tog‘li Qorabog‘ ustidan nazoratni o‘z qo‘liga oldi. May oyi o‘rtalarida Bokuga qilgan tashrifi chog‘ida Lukashenko mintaqa uchun urushni «ozod qilish» deb atagan va uning natijasini u boshlanishidan oldin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muhokama qilgani haqida gapirgan edi. «Biz birga kechki ovqatda falsafiy tarzda suhbatlashdik, bu g‘alabani saqlab qolish juda muhim, degan xulosaga keldik», degan o‘shanda u.
Armaniston bosh vaziri, shuningdek, aynan Lukashenkoning Tog‘li Qorabog‘dagi urush bo‘yicha pozitsiyasi Yerevanning KXShTdan chiqish ehtimoli bo‘yicha qaroriga ta’sir qilganiga aniqlik kiritdi.
Mavzuga oid
00:59 / 21.11.2024
Ozarboyjon 2025 yilgi mudofaa xarajatlarini oshiradi
20:52 / 20.11.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
01:38 / 19.11.2024
Lukashenko 21 nafar sobiq kuchishlatar tizimlar vakillarini unvonidan mahrum qildi
20:18 / 16.11.2024