Jahon | 19:01 / 22.06.2024
11090
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulandi

Tizim Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida energetika bo‘yicha hamkorlik qilish imkonini beradi.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning energetika sohasidagi hamkorligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi»ni tasdiqladi. Ekspertlar bu Tojikistonning Markaziy Osiyoning yagona energetika halqasiga qaytishini anglatadi, deb xulosa qilmoqda.

Tojikiston uzoq vaqtdan beri yagona energetika tizimiga qaytishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Mintaqaning yagona tizimiga qaytish uchun Osiyo taraqqiyot banki 2018 yil oxirida Tojikistonga 35 million dollar miqdorida grant ajratdi. Bu ishlar tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2022 yilda yakunlanishi kerak edi.

Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi Sovet Ittifoqi davrida (1960 yilda), mintaqadagi barcha mamlakatlar bir davlat tarkibida bo‘lgan paytda tashkil qilingan. Tizim Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, sug‘orish davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini bergan.

Tojikiston va Qirg‘iziston sovuq mavsumda o‘z havzalarida suv saqlagan va O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan elektr va energiya resurslarini (ko‘mir va tabiiy gaz) olgan. Yoz kelgach Tojikiston va Qirg‘iziston qishda to‘plangan suvni qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun bu mamlakatlarga bergan. Shuningdek, yozda Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga ortiqcha hajmda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazgan.

SSSR parchalanganidan keyin tizim bir necha yil ishladi, keyinchalik davlatlar birin-ketin halqani tark eta boshladi. Ammo, amalda ma’lum bo‘ldiki, yagona energiya halqasini tark etish har bir Markaziy Osiyo respublikasi uchun foydasiz bo‘lib chiqdi, bu esa mintaqada doimiy ravishda o‘sib borayotgan elektr energiyasi iste’moli va eskirgan energetika infratuzilmasi bilan bog‘liq edi. Shu bois 2014 yilda Markaziy Osiyo davlatlari energiya halqasini tiklash ishlarini boshlab yubordi.

2019 yilda energetika sohasidagi islohotlar va yagona elektr energiyasi bozorini yaratish sohasida mintaqaviy hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. 2021 yil oxirida Tojikiston tomonidan yagona energetika tizimiga qaytish qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid