13:10 / 24.06.2024
6866

Dog‘istondagi terakt, Rafahda yakunlanayotgan urush va Sevastopolga hujum - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

Dog‘istondagi terakt

Rossiyaning Dog‘iston Respublikasida terrorchilik akti sodir etildi. Respublika poytaxti Maxachqal’a va Darband shaharlari yakshanba kuni kechqurun qurollangan jangarilarning hujumiga duchor bo‘ldi. Ko‘plab insonlar halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda.

Halok bo‘lganlarning 15 nafari politsiyachilardir. Yana 34 kishi jarohatlangan, ularning 27 nafari huquq-tartibot organlari xodimlari.

Hujum haqidagi xabarlar Moskva vaqti bilan soat 19:00 lardan tarqala boshlagan. Dog‘iston IIVning xabariga ko‘ra, jangarilar avtomatik qurollardan sinagoga va cherkovga qarata o‘t ochishgan, so‘ngra avtomobilda ta’qibdan qocha turib, yo‘l politsiyasi postini ham o‘qqa tutishgan. Sinagoga to‘liq yonib ketgan, jangarilar 69 yoshli rohibning tomog‘idan so‘yishgan.

Avvalroq Dog‘istonning Sergoqal’a tumani rahbari Magomed Umarovning ikki o‘g‘li Usmon va Odil Maxachqal’aga hujumda ishtirok etgani va o‘ldirilgani ma’lum qilingandi. Ulardan tashqari yana 4 nafar jangari yo‘q qilingan. Magomed Umarov ham qo‘lga olingan.

Rossiya milliy aksilterrorchilik qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Dog‘istondagi operatsiya yakunlangan, yana ikki jangari yo‘q qilingan. O‘ldirilgan 6 jangarining barchasi Sergoqal’a tumanida yashashgan.

Ekspert, Karlovo universiteti doktoranti Behruz Samadovga ko‘ra terrorchilik aktida IShIDning imzosi yaqqol ko‘rinib turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IShID propagandachilari ko‘plab marta sinagogalar va cherkovlarga hujum qilishga targ‘ib qilib kelishadi. «Bu IShIDning strategiyalaridan biri», — degan u «Dojd» telekanali efirida. Samadovga ko‘ra, IShID resurslarida terrorchilarning qasam ichgani va ular ishtirokidagi roliklar e’lon qilinishi mumkin.

Rossiyalik ayrim rasmiylar odatga ko‘ra, ushbu terrorchilik akti ortida Ukraina turganini ta’kidlashmoqda.

Masalan, Rossiya Davlat dumasiga Dog‘istondan saylangan deputat Abdulhakim Gadjiyevning fikricha, terakt ortida Ukraina va NATO davlatlari maxsus xizmatlari turgan bo‘lishi mumkin.

 

G‘azodagi vaziyat

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Rafah shahrida HAMASga qarshi intensiv janglarning faol fazasi yakunlanib borayotganini e’lon qildi.

«HAMASga qarshi harbiy harakatlarning qizg‘in fazasi bugun-erta yakunlanadi», — degan Netanyahu Isroilning 14-telekanaliga bergan intervyusida.

Uning aniqlik kiritishicha, bu aslo G‘azoda urush yakunlanganini bildirmaydi, biroq «Rafahdagi urushning o‘tkir fazasi tugatilishi»ni anglatadi.

«Qizg‘in faza yakunlanganidan so‘ng biz ayrim kuchlarni shimolga disklokatsiya qilishimiz mumkin va shunday qilamiz», — degan Netanyahu.

Netanyahu shimol deganda Livan bilan chegarani nazarda tutgan. Bu yerda Isroil Livanning «Hizbulloh» harakati bilan keng ko‘lamli urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘tgan tunda Isroil Livandagi «Hizbulloh» harakati pozitsiyalariga yopirilma zarbalar bergan. Jumladan, taqiqlangan fosforli yondiruvchi bombalardan ham foydalanilgani xabar qilinmoqda.

Isroil hukumati Falastin davlatini tan olayotgan mamlakatlarga qarshi chora ko‘rishni muhokama qilmoqda deb xabar beradi Ynet portali.

22 may kuni Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya Falastin davlatining mustaqilligini tan olganliklarini e’lon qilgan edi. 5 iyun kuni Sloveniya, 21 iyun kuni esa Armaniston ham mustaqil Falastin davlatini tan olishdi.

Isroil Milliy xavfsizlik vazirligi ushbu davlatlarning mamlakatdagi elchixonalarni yopishni va shu mamlakatlardan elchilarini chaqirib olishni taklif qilgan.

Ayni paytga kelib, Malta va Avstraliya ham Falastin davlatining mustaqilligini tan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

 

Qizil dengizdagi vaziyat

Yamanlik husiychilar Iroq islomiy qarshilik harakati bilan birga Isroilning Hayfa portidagi to‘rtta kemaga hujum uyushtirgan.

Husiychilarning matbuot kotibi Yahyo Sariya ikkita sement va yana ikkita quruq tovarlarni tashuvchi yuk kemasi nishonga olingani haqida bayonot berdi. Bundan tashqari, O‘rta Yer dengizida Isroil portiga yo‘l olgan chorva tashuvchi kemaga ham zarba berilgan.

Hujum dronlar vositasida amalga oshirilgan. Husiychilar har ikki operatsiya «muvaffaqiyatli o‘tgani» va «ko‘zlangan maqsadlarga erishilgani»ni ta’kidlagan.

Husiychilar tijorat kemalariga qilingan mazkur hujumlarni bosib olingan Falastin portlariga o‘tish taqiqini buzganlik bilan izohlagan.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi so‘nggi 24 soat ichida Qizil dengizda husiychilarga tegishli uchta dron yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Yamandan uchta ballistik raketa uchirilgani ham qayd etilgan. Biroq ulardan hech qanday harbiy kema yoki tijorat kemalari zarar ko‘rmagan.

Qizil dengiz, Adan ko‘rfazi va Bob ul-Mandab bo‘g‘ozidagi kemalarga husiychilarning hujumi 2023 yilning noyabr oyidan buyon uyushtirib kelinmoqda. «Ansorulloh» harakati AQSh, Buyuk Britaniya va Isroil bilan bog‘liq kemalar nishonga olinishini ma’lum qilgan. Husiychilar shu tariqa Isroil bilan urushda Falastinning HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSh va Buyuk Britaniya esa 2024 yil boshidan buyon raketalar va harbiy samolyotlar vositasida Yamanga javob zarbalarini berib kelmoqda.

 

Sevastopolga hujum

Rossiya Mudofaa vazirligi Sevostopolga uyushtirilgan hujumda AQShni aybladi va munosib javob qaytarishni va’da qildi. Eslatib o‘tamiz, Ukrainaning Sevastopol shahriga Amerikaning kassetali portlovchi qismlarga ega bo‘lgan ATACMS raketalari bilan hujumi chog‘ida mo‘ljaldan og‘gan raketa dengiz sohilida dam olayotganlar yaqinida portlagan. 5 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab insonlar yaralangan.

«Sevastopolning tinch aholisiga qarata qasddan berilgan raketa zarbasi uchun mas’uliyat eng avvalo shu qurolni Ukrainaga yetkazib bergan Vashingtonda, shuningdek, bu zarba hududidan turib ijro etilgan Kiyev rejimida. Bunday harakatlar javobsiz qolmaydi», — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina uzoq masofadagi nishonlarni ura oluvchi, kassetali jangovar qismlarga ega 5 ta ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirgan. Ularning 4 tasi urib tushirilgan. Beshinchi raketaning havoda yorilishi qurbonlar va odamlarning yaralanishiga sabab bo‘lgan. Rossiyalik harbiylarning qo‘shimcha qilishicha, bunday raketalarning mo‘ljal tomon yo‘l olishini amerikalik mutaxassislar o‘zlarining sun’iy yo‘ldoshli razvedkasi ma’lumotlariga binoan sozlab borishadi.

Rossiyalik harbiylarning hisob-kitobiga ko‘ra, raketalar Mikolayiv shahridan uchirilgan. Endi ular raketa uchirilgan joyni yo‘q qilish bo‘yicha choralar ko‘rishmoqchi.

Anneksiya qilingan Sevastopolga Rossiya tomonidan tayinlangan gubernator Mixail Razvozjayevning so‘zlariga ko‘ra, 5 kishi, jumladan uch nafar yosh bola halok bo‘lgan. Yaralanganlar soni 124 nafarga yetgan.

 

Xarkivga hujum

Rossiyaliklar Ukrainaning Xarkiv shahriga hujum uyushtirishdi. Ukrainadagi ikkinchi yirik shaharda elektr energiyasi uzatilishi bilan bog‘liq uzilishlar paydo bo‘lib, metro to‘xtab qolgan.

Xarkiv oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, shaharning fuqarolik infratuzilmasiga o‘zini o‘zi boshqaruvchi jangovar qurollar — aviabombalar yordamida hujum uyushtirilgan.

«Aviabombaning xususiy turar joyga kelib tushishi natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Yana 11 kishi yaralangan. Shaharning boshqa joyida ham jabrlanganlar bor. U yerda zarba ta’lim muassasasiga to‘g‘ri kelgan», — deb xabar qilgan Xarkiv shahar meri Igor Terexov.

Shahar metropoliteni liniyalari bo‘ylab poyezdlar qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan. Barcha bekatlar boshpana rejimiga o‘tkazilgan.

Zarbalardan so‘ng Xarkivning bir qator tumanlarida chiroq o‘chgan. Suv ta’minoti ham uzilib qolgan.

Bu orada Kiyev ATACMS raketalaridan yanada kengroq foydalarish uchun Vashingtonni ushbu raketalarni ishlatishga cheklovlardan voz kechishga chaqirdi.

«Biz Rossiya brigadasining qo‘mondonlik punktlari va butun shimoliy guruhlarini nishonga olishimiz mumkin, chunki ular front chizig‘idan 100-150 km narida joylashgan. Oddiy raketalar ulargacha yetib borolmaydi. ATACMS yordamida biz ularning qo‘mondonlik markazlarini yakson qilishimiz mumkin», — degan Xarkivdagi Gefast laqabli artilleriya qo‘mondoni.

Top