Navoiyda 9 yoshli qiz mashina bosib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
Xatirchi tumanida 2-sinf o‘quvchisi piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotganida uni BYD mashinasi urib, bosib o‘tib ketdi. Haydovchi mashinani aholi yashash hududida 142 km/soat tezlikda boshqargan. Qizaloqni tog‘asi tuman markazidagi parkka aylantirgani olib chiqqan bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda BYD mashinasi kichik qizni urib ketgani aks etgan video tarqaldi. Videoda haydovchi mashinani aholi yashash punktida 142 km/soat tezlikda boshqarganini ko‘rish mumkin. Kun.uz holatga oydinlik kiritdi.
Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, YTH joriy yil 1 iyul kuni Xatirchi tumani hududida sodir bo‘lgan. Tumanning Yangirabot mahallasi hududidan o‘tgan davlat ahamiyatiga ega 4R-48 avtomobil yo‘lida harakatlanib kelgan BYD mashinasi yo‘lni piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan qizni urib ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ikkita avtomobil yo‘lda quvlashmachoq o‘ynagani va birinchisi yo‘lovchilarga yo‘l bermasdan piyodalar yo‘lagidan tezlik bilan o‘tib ketgani aks etgan. Uning ortida harakatlangan ikkinchi mashina esa piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan va oldindagi mashinaning harakatidan yiqilib tushgan qizchani bosib o‘tgan.
Mashina tagida qolib ketgan 9 yoshli qiz olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, qizni tog‘asi tuman markazidagi parkka aylantirib kelish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.
Haydovchiga nisbatan Xatirchi tuman IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
13:31
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
17:00 / 15.11.2024
BYD e-Mobility Festa 2024: 30 yillik yutuqlarni birgalikda nishonlaymiz
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024