O‘zbekiston | 17:22 / 18.07.2024
34532
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik suvchi: «Orol bungacha ham qurib, yana to‘lgan»

O‘z vaqtida dunyodagi eng yirik to‘rtinchi ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi mustaqil O‘zbekiston uchun eng jiddiy ekologik muammoga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, aksar o‘zbekistonliklar Orol muammosiga juda befarq. Xuddi Orol atrofidagi ekologik muammo faqat uning yaqinida yashaydigan xorazmliklar va qoraqalpoqlarga tegishlidek.

Ammo Orol dengizi qurishi sabablari, uning atrofida paydo bo‘lgan ekologik muammoni AQShdan kelib o‘rganadiganlar ham bor. Samarqandda shunday insonlardan birini uchratdik. Ko‘hna shahardagi ekoforumda amerikalik Robert Villiard Orol dengizi atrofidagi ekologik muammo haqida chiqish qildi.

O‘zbekcha gapiradigan amerikalik

Robert Qoraqalpog‘istondagi joy nomlarini adashmay aytishi e’tiborni tortdi. Tadbirdan keyin gaplashsak, u Orol atrofidagi hududlarning deyarli barchasida bo‘lgan ekan. U olis orolbo‘yi qishloqlaridagi maktablarda yotib qolishi, bu muammo bilan 2016 yildan buyon qiziqib kelishini aytdi.

Amerikadagi nomdor Kolumbiya universitetida iqtisod yo‘nalishida o‘qigan va bugun Niderlandiya suvchilik bo‘yicha magistratura tahsilini olayotgan nyu-yorklik yigitning o‘zbekcha gapirishi esa har kuni kuzatilmaydigan holat. Shu bois u bilan kichik suhbat uyushtirdik.

Robertning aytishicha, Orol muammosi haqida 2016 yil Kolumbiya universitetida o‘zbekistonlik professor tomonidan namoyish etilgan dasturda xabar topgan. Shundan keyin butun boshli ko‘l qurib ketishi sabablarini o‘rgana boshlagan.

Keyinchalik Mo‘ynoqqa kelib, Orolning qurigan va hozir mavjud bo‘lgan qismlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgach, Orolni qutqarish bo‘yicha fond ochishga qaror qilgan. O‘zining aytishicha, bu fondga yig‘ilgan pullarning barchasi orolbo‘yida yashaydigan odamlarga suv filtrlari sotib olish, atrofidagi maktablarga daraxt ekish, odamlarga toza ichimlik suvi yetkazib berish kabi ishlarga sarflanadi.

«Orol qaytadi...»

Robert Orol bungacha ham qurib yana to‘lgan degan fikrda: «Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadi. Men arxeologlar bilan suhbatlashgan ham shunday fikrlarni eshitganman. Axir Markaziy Osiyodagi daryolar o‘zanini bir necha marta o‘zgartirgan. Orol qachondir qaytadi, balki 500 yildan keyin, balki 100 yildan keyin», deydi suhbatdoshimiz.

Ammo Robertning fikricha, hozir asosiy masala Orolni qanday to‘ldirish emas, u yerda yashaydigan odamlarni qanday qilib mavjud ekologik muammo bilan yashashga o‘rgatish, ularni toza ichimlik suv bilan ta’minlashdir.

Suhbatni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid