Jahon | 12:12 / 22.07.2024
3727
4 daqiqa o‘qiladi

Berlin: Baydenning saylovdan voz kechishi - «burilish nuqtasi»

5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh saylovlarida kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, Germaniya «har ikkala siyosiy lager bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etadi», dedi Germaniya hukumatidagi transatlantik aloqalar koordinatori Mixael Link.

Foto: Andrew Harnik / Getty Images

Germaniya hukumatidagi transatlantik aloqalar koordinatori Mixael Link AQSh prezidenti Jo Baydenning ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortishini Germaniya va Yevropa uchun «chuqur burilish nuqtasi» deb atadi. «Ehtimol, hech qachon o‘z mehr-muhabbati tufayli Yevropa Ittifoqi va butun «ko‘hna» qit’a institutlariga bu qadar jiddiy yondashgan AQSh prezidenti bo‘lmagandir», dedi Link 22 iyul, dushanba kuni Tagesspiegel gazetasida chop etilgan intervyusida. Bayden «yaqin hamkor» edi, «u muddatining qolgan qismida ham shunday bo‘lib qoladi», dedi Link. 

Berlinning AQShda bo‘lajak saylovlarga tayyorgarligi nuqtayi nazaridan, Bayden ketishi «hozirda hech narsani o‘zgartirmaydi», dedi transatlantik koordinator. Hukumat «ko‘p oylar davomida ikkala ssenariyga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdi». Demokratlardan kim ishtirok etishi va 5 noyabrdagi saylovda kim g‘alaba qozonishidan qat’i nazar, «biz Germaniyada AQShdagi ikkala siyosiy lager bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etamiz». 

Ayniqsa, agar respublikachi Donald Tramp g‘alaba qozonsa, yevropaliklar «hatto ittifoqchilarini bo‘lib tashlashga urinayotgan raqib» bilan kurashishga majbur bo‘ladi, dedi Link. Uning fikricha, AQSh amaldagi vitse-prezidenti Kamala Harris saylovda g‘alaba qozonsa, «NATO, Yevropa Ittifoqi va Germaniya bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi», lekin «o‘z ustuvorliklarini aniqlab oladi». 

Jo Baydenning saylovdan voz kechishi va Kamala Harris nomzodi 

Jo Bayden bir necha soat oldin AQSh prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden tez orada xalqqa murojaat qilib, tafsilotlarni aytib berishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, amaldagi muddatining qolgan qismida asosiy e’tiborini prezidentlik vazifalarini bajarishga qaratadi. 

Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. «Demokratlar - birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik!» - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Keyinchalik amaldagi vitse-prezident Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Amerika OAV uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Prezidentning tasdig‘ini olish men uchun katta sharaf va men bu nomzodlikni qo‘lga kiritish va g‘alaba qozonish niyatidaman». Harris respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid