Jahon | 12:43 / 26.07.2024
3246
2 daqiqa o‘qiladi

Fitch Ukraina kredit reytingini defolt darajasigacha tushirdi

Fitch 20 milliard dollarlik xalqaro obligatsiyalar qayta tuzilgani sababli Ukrainaning kredit reytingini defolt darajasi - S’gacha tushirdi.

Foto: Justin Lane/dpa/picture alliance

Fitch reyting agentligi Ukrainaning kredit reytingini SS’dan S’gacha tushirdi, bunda defolt jarayoni allaqachon boshlangan yoki yaqinlashib qolgan deb hisoblanadi. Bu haqda agentlik 25 iyul, payshanba kuni o‘z saytida ma’lum qildi

Ukrainaning kredit reytingini pasaytirishga yaqinda kreditorlar guruhi bilan 20 milliard dollarga yaqin xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha qarzni restrukturizatsiya qilish yuzasidan tuzilgan kelishuv sabab bo‘ldi. Fitch buni «defoltga o‘xshash jarayon» deb atadi. 

Ukraina tashqi qarzini qayta tuzish 

22 iyul, dushanba kuni Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal mamlakat Ukrainaning yevroobligatsiyalar egalari qo‘mitasi bilan tashqi qarz bir qismini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha «prinsipial kelishuvlarga» erishganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mamlakatga uni saqlash uchun uch yil davomida 11,4 milliard AQSh dollarini, 2033 yilgacha esa 22,75 milliard dollarni tejash imkonini beradi. Bo‘shatilgan resurslar, xususan, mudofaa, ijtimoiy himoya va Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltiriladi, dedi Shmixal. 

Mamlakat Moliya vazirligi aniqlik kiritishicha, restrukturizatsiya 23,4 milliard dollarlik davlat obligatsiyalariga tegishli. U yakunlangach, yevroobligatsiyalarning to‘lov muddati uzaytiriladi: 1,172 milliard dollar miqdoridagi birinchi to‘lov 2029 yilda amalga oshiriladi. Vazirlik ta’kidlashicha, qayta tuzishsiz 9,381 milliard dollarlik qarzning asosiy summasi 2024 va 2029 yillar oralig‘ida to‘lanishi kerak edi. 

«Ushbu restrukturizatsiya kelishuvining tugallanishi Ukraina xalqaro kapital bozoriga erta qaytishi uchun sharoit yaratadi, xavfsizlik vaziyati barqarorlashganda, mamlakatni tez tiklash va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirishga imkon beradi», — dedi Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko.

Mavzuga oid