Jahon | 08:05 / 03.08.2024
4842
3 daqiqa o‘qiladi

Van Gogning qabrini qazigan belaruslik YeIdan chiqarib yuborilyapti

Fransiya hukumati Vinsent van Gog qabrini qazishga uringan belaruslik rassom Aleksey Kuzmichdan zudlik bilan Yevropa Ittifoqini tark etishni talab qildi. Shuningdek, unga ikki yilga Fransiyaga kirish taqiqlangan.

Foto: Jan Schmidt-Whitley/Le Pictorium/picture alliance

Fransiya hukumati Van Gog qabrini qazishga uringan belaruslik rassom Aleksey Kuzmichdan Yevropa Ittifoqini tark etishni talab qildi. Bu haqda 2 avgust, juma kuni rassom Facebook-akkauntida e’lon qilingan Val-dʼUaz prefekturasi migratsiya va integratsiya boshqarmasining 31 iyuldagi xabarnomasida aytiladi.

Hujjatga ko‘ra, Kuzmich «darhol» Yevropa Ittifoqi hududini tark etishi va o‘z fuqaroligi bo‘lgan mamlakatga (ya’ni, Belarus) yoki qonuniy ravishda kirishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday mamlakatga qaytishi kerak. Agar u bu talabni bajarmasa, Belarusga deportatsiya qilinadi. 

Bundan tashqari, rassom hamkorlarining so‘zlariga ko‘ra, u 3000 yevro jarima va bir oy shartli qamoq jazosiga hukm qilingan, shuningdek, ikki yilga Fransiyaga kirish taqiqlangan. Hozirda Aleksey Kuzmich Parij yaqinidagi Le Menil-Amlo ma’muriy hibsga olish markazida, deyiladi postda. 

Nashr etilgan hujjatda aytilishicha, Kuzmich ikki oy oldin Fransiyaga Polsha vizasi bilan Belarus pasportidan foydalangan holda kirgan, agar u vataniga qaytsa, jazolanishi yoki huquqlari cheklanishi mumkinligi ko‘rsatilmagan. 

Bu rassomning Fransiyada birinchi marta ushlanishi emas 

Aleksey Kuzmich 29 iyul, niderlandiyalik rassomning tug‘ilgan kunida Fransiyaning Over-syur-Uaz kommunasidagi qabristonda Vinsent van Gog qabrida performans uyushtirdi. U elektron qurilmani ishga tushirdi va Van Gogning qabrini qazishni boshladi hamda «Rassom, tur!» deya baqirdi. Aksiya vaqtida belarus politsiya tomonidan qo‘lga olingan. 

2021 yil aprel oyida Kuzmich qo‘lida yonayotgan shisha bilan Yelisey saroyiga kirmoqchi bo‘lganida ushlangan edi. Bir kun oldin Instagram’da aksiyachi Emmanuel Makronni Aleksandr Lukashenko bilan solishtirib, Fransiya prezidentiga «haqiqiy qudratli qon to‘kuvchiga aylanish» uchun «bir muhim xususiyat, ya’ni mo‘ylov kerak» degan fikrni bildirdi.

Kuzmichga nisbatan Belarusda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi 

Kuzmich 2020 yilda saylov uchastkasida siyosiy chiqishlar o‘tkazgani va saylovdan keyingi norozilik namoyishlarida qatnashganidan so‘ng Belarusni tark etgan, deb yozadi «Zerkalo». 2023 yilning yozida u yangi pasport olish va haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun Minskka qaytib keldi. U yerda Aleksey ko‘prikda «Tranzit» aksiyasini o‘tkazdi. U o‘z harakatini mamlakatdan chiqib ketganidan so‘ng e’lon qilgan videoga oldi. 

2023 yil dekabr oyining o‘rtalarida aksiyachi yana Belarusga keldi va unga qarshi jinoiy ish ochilganini bildi. U mamlakatni faqat qatag‘ondan jabr ko‘rgan belaruslarga yordam beradigan BYSOL birdamlik jamg‘armasi yordamida tark etishga muvaffaq bo‘ldi. 

Mavzuga oid