Jahon | 07:39 / 05.08.2024
6027
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina dastlabki o‘nta F-16 samolyotini qabul qilib oldi - The Economist

Va’da qilingan 79 ta F-16 qiruvchilarining dastlabki o‘ntasi iyul oyi oxirgi kunida Rossiya Federatsiyasidan mudofaalanish uchun mamlakatga yetkazildi. Bu yil Ukraina ushbu samolyotlardan 20 tasini olishi kerak, qolganlari 2025 yilda keladi.

Foto: AP / Efrem Lukatsky

Iyul oyining so‘nggi kunida va’da qilingan 79 ta F-16 qiruvchi samolyotlari dastlabki o‘ntasi Ukrainaga yetkazib berildi. The Economist 4 avgust, yakshanba kuni xabar berishicha, bu «to‘xtab qolgan Bayden ma’muriyati nihoyat o‘zining g‘ayratli yevropalik ittifoqchilariga ularni yuborish uchun yashil chiroq yoqqanidan bir yil o‘tib» sodir bo‘ldi. 2024 yil oxirigacha Ukraina Amerikada ishlab chiqarilgan 20 ta qiruvchi samolyotni olishi kerak bo‘ladi. Daniya va Niderlandiya boshchiligidagi koalitsiya tomonidan va’da qilingan qolgan F-16 2025 yil davomida partiyalar bo‘lib keladi. 

Nashr keltirgan Yevropadagi Amerika kuchlari sobiq qo‘mondoni Ben Xodjyesning so‘zlariga ko‘ra, samolyotni Ukrainaga yetkazish uchun qancha vaqt ketganidan hafsalasi pir bo‘lgan. U F-16 samolyotlarini yetkazib berishning kechikishi sabablaridan biri sifatida ukrainalik uchuvchilar uchun o‘quv joylari yetishmasligini ko‘rsatdi. 

Uchuvchilarning ingliz tilini bilmasligi va ular o‘rganib qolgan sovet davridagi Mig-29 va Su-27 samolyotlariga nisbatan murakkabligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, deb yozadi The Economist. Yana bir muhim kechikish omili - F-16’ni joylashtirish uchun infratuzilmani yaratishga ketgan vaqt.

Rossiya Ukrainaga yetkazib berilgan qiruvchi samolyotlarni yo‘q qilishga urinadi

Germaniya Mudofaa vazirligi sobiq bosh shtab boshlig‘i Niko Lange gazetaga Rossiyadan himoyalanayotganlarga beriladigan samolyotlar Rossiya Qurolli kuchlari uchun ustuvor nishonga aylanadi, dedi. Shuning uchun F-16 samolyotlari yerosti yoki mustahkamlangan boshpanalari bo‘lgan tarqoq bazalarda, shuningdek, yuqori darajada maxfiylik bilan joylashtirilgan. 

The Economist fikricha, Ukrainada zamonaviy qiruvchilarning sekin va bosqichma-bosqich to‘planishi tufayli F-16 urush keyingi borishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi uchun biroz vaqt o‘tishi mumkin. Ularni Ukraina havo mudofaa tizimlariga integratsiya qilish va operatsion tajriba orttirish ham vaqt talab etadi.

«Biroq, F-16 kelishi NATO standartlariga muvofiq havo kuchlarining rivojlanishi boshlanishini anglatadi, bu Ukrainani yaxshi rivojlangan F-16 ta’minot zanjiri bilan bog‘laydi», deb xulosa qiladi nashr. Unga ko‘ra, kechikishlarga qaramay, «F-16 ahamiyatini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi». 

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining so‘nggi hisobotida aytilishicha, mahalliy havo ustunligini qo‘lga kiritish va quruqlikdagi qarshi hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun Ukrainaga har birida 18 nafar qiruvchi bo‘lgan 12 yoki undan ortiq eskadrilya kerak. 

Zelenskiy uzoq kutilgan yetkazib berish haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 avgust kuni Telegram’da: «F-16 Ukrainada» deb yozdi. U «bu samolyotlarni sifatli o‘zlashtirgan va ularni davlat uchun qo‘llashni boshlagan yigitlar» bilan faxrlanib, bu natija uchun o‘z jamoasi va barcha hamkorlariga minnatdorchilik bildirdi.

«Havo kuchlarimiz, barcha askarlarimiz jangovar aviatsiyamiz bilan ukrainaliklarning g‘ururini his qilishlarini va Ukrainaga g‘alabamizni yaqinlashtiradigan jangovar natijalarni – Ukraina uchun adolatli tinchlik olib kelishlarini tilayman», — dedi Zelenskiy. 

AQSh F-16'ni «havo-havo» va «havo-yer» raketalari bilan jihozlashga ruxsat berdi

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yuborilgan F-16 qiruvchi samolyotlarini raketalar va boshqa zamonaviy qurollar bilan jihozlashga rozi bo‘ldi. Bu haqda 30 iyul kuni The Wall Street Journal manbalarga tayanib xabar berdi. Shu paytgacha Ukraina uchun qiruvchi samolyotlarga jangovar texnika masalasi hal etilmagan, deya qayd etadi WSJ. Oq uy Kiyevga AIM-120C-8 AMRAAM va AIM-9X «havo-havo» raketalari, shuningdek, AGM-88 HARM «havo-yer» tipidagi radarlarga qarshi raketalarni taqdim etadi. WSJ xabariga ko‘ra, Ukraina F-16 uchun boshqa «zamonaviy qurollar» ham oladi. Yetkazib berish qachon boshlanishi aniqlashtirilmagan.

May oyining oxirida harbiy xizmatchilarning birinchi guruhi Arizonadagi AQSh harbiy bazasida F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini yakunladi. Iyul oyida Niderlandiya va Daniya hukumatlari AQSh ko‘magida harbiy samolyotlarni Ukrainaga o‘tkazish jarayonini boshladi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken avvalroq F-16 samolyotlari «bu yozda Ukraina osmonida uchadi», deb ta’kidlagandi.

Mavzuga oid