Britaniya: Tartibsizlikka aylangan namoyishlar sababi nima?
BBC jurnalisti Ibrat Safoning Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, bu voqealarda populist siyosatchilarning odamlar hissiyotini junbishga keltiruvchi chiqishlari ham katta o‘ringa ega. Shu bilan birga, oxirgi saylovlarda ultrao‘ngchilar partiyasi ovozlar soni bo‘yicha 3-o‘rinni olgani aksilmigratsiya va millatchilik kayfiyati Britaniya jamiyatida keng yoyilganini tasdiqlaydi.
Buyuk Britaniyada 30 iyul kuni boshlangan namoyishlar keng ko‘lamli zo‘ravonlikka aylanib ketdi. Hattoki, “Buyuk Britaniya fuqarolik urushi yoqasida” degan fikrlar ham bo‘ldi, xo‘sh, qirollikda asl vaziyat qanday? Kun.uz mavzu yuzasidan BBC o‘zbek xizmati (bbc.com/uzbek) jurnalisti Ibrat Safo bilan suhbatlashdi.
— Sautportdagi hujumdan tashqari, Britaniyada o‘ta o‘ngchilar kayfiyati va zo‘ravonlik kuchayishiga qanday tizimli omillar sabab bo‘ldi?
— Bu voqeaning vujudga kelishi uchun asosiy turtki Sautportdagi hujum hisoblanadi. Hujumni 17 yoshli o‘smir uyushtirgan. Ba’zi manbalarda bu o‘smirni musulmon migrant deya noto‘g‘ri axborot tarqatildi, bu feyk keng tarqalib ketishi ortidan odamlar orasida “o‘tgan yili kemada Britaniyaga kelgan o‘smir musulmon ekan” degan tasavvur paydo bo‘ldi.
Namoyishlarga mana shu narsa turtki berdi. Lekin umumiy vaziyatni olib qaraydigan bo‘lsak, joriy yilgi saylovlardan jamiyatda o‘ta o‘ng qanot tarafdorlari yetarlicha ko‘pligi ma’lum bo‘ldi. Yangi tuzilgan, o‘ta o‘ng qanot “Islohot” partiyasi 14 foiz ovoz olishga muvaffaq bo‘lib, 5 ta deputatini parlamentga sayladi. Bu birinchi marta shunday bo‘lyapti.
Partiya rahbari Nayjyel Faraj deputatlikka 8 marta harakat qilgan bo‘lsa, sakkizinchisida buning uddasidan chiqqan. Faraj – o‘ta millatchi, immigratsiyaga qarshi va islomofob kayfiyatdagi odamlarning hissiyotlarini junbishga keltirib, chiqishlar qiladigan, xarizmatik, populistik siyosatchi. Ko‘p yillardan beri Britaniya siyosatida aynan mana shu kun tartibini ilgari surib keladi. Mana shu saylovlarda ma’lum bo‘ldiki, 14 foiz ovoz yig‘a olgan bo‘lsa, demak Britaniyada u bilan hamfikr odamlar ko‘p ekan.
Sautportda uch qizning o‘limi past olovda qaynab turgan ana shu kayfiyatni birdan alanga oldirib yubordi va bu ko‘chalarga ham yoyildi. Ammo ularning muvofiqlashgan aniq bir tizimi bor deb aytib bo‘lmaydi. Chunki u yerda har xil odamlar bor edi. Bosh vazir ularni o‘ng qanot bezorilari deb atadi. Namoyishlarda bezorilar bilan birga, immigratsiyaga qarshiligini tinch yo‘l bilan izhor qilishga harakat qilayotgan odamlar ham bor, ko‘cha bolalari ham bor. Ammo aniq bir tizim yo‘q ularning orasida.
Sautportdagi hujumni bu voqealarning jismoniy asosi deyish mumkin. O‘sha voqea yuz berdi va ertasi kuniga namoyishlar boshlandi. Ammo ehtiroslar, hissiyotlar bundan avval boshlangan. Bundan avval rivojlangan. Islomofobiya Britaniyada anchadan beri bor, chunki ko‘plab terroristik harakatlar islom radikallari tomonidan amalga oshirilgan. 2007 yilda katta London portlashlari, 2017 yili Manchesterda konsertga kelgan yoshlarni o‘ldirish bilan tugagan hujumni tilga olish mumkin. Umuman olganda, islomiy radikalizmga bog‘liq hujumlar ko‘p bo‘lgani uchun odamlar orasida islomofobiya ham kuchaygan.
— Buyuk Britaniyada ultrao‘ng guruhlarning motivlari qanday?
— Ular immigratsiyaning butunlay to‘xtashini xohlashadi. Namoyishchilarning qo‘llaridagi qog‘ozlarga ham “Stop boats” (“Qayiqlarni to‘xtating!”) deb yozilgan. Britaniya – orol, bu yerga Fransiya qirg‘oqlaridan turkiyalik, albaniyalik, eronlik migrantlar noqonuniy tarzda o‘tishadi. Populist siyosatchilar ommaga migrantlar sizning ishingizni olib qo‘yyapti, siz to‘layotgan soliqlar hisobiga yashayapti degan fikrlarni singdirib kelgani uchun, migratsiyaga qarshi namoyishlar ko‘p uchramoqda.
Suhbatni to‘liq shaklda video tarzida tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
15:52 / 20.11.2024