Jahon | 12:09 / 12.08.2024
1861
5 daqiqa o‘qiladi

Venesuela muxolifati butun dunyo bo‘ylab norozilik aksiyalari o‘tkazishga chaqirdi

Mariya Korina Machado o‘z videomurojaatida 17 avgust kuni muxolifatning prezidentlik saylovlarida e’lon qilingan g‘alabasini qo‘llab-quvvatlash uchun butun dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlari o‘tkazishni taklif etdi.

Foto: Getty images

Venesuela muxolifati respublika rahbari Nikolas Maduroning saylovlarda rasman e’lon qilingan g‘alabasiga rozi bo‘lmagan holda 17 avgust kuni «Venesuela va butun dunyo ko‘chalarida» global norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirdi. «Bu xabar bugungi Venesuelada o‘zini tanimayotgan, oilasi ajratilishidan charchagan, ovoz bergan va 28 iyulda qaror qilingan narsa hurmat qilinishini istaganlar uchundir», - deydi muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado 12 avgust, dushanbaga o‘tar kechasi.

Machado, shuningdek, odamlarni o‘zlari yashayotgan shaharda faol bo‘lishga va namoyishlarga qo‘shilish uchun «taklif qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi bilan» videoni baham ko‘rishga chaqirdi. Muxolifat yetakchisining xabari chop etilganidan keyingi dastlabki to‘rt soat ichida bir yarim million marta ko‘rilgan.

Saylovda ishtirok etishi taqiqlanganidan keyin saylov byulletenida Machado o‘rniga kelgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia alohida shunday dedi: «Biz g‘alaba qozondik, Venesuela g‘alaba qozondi. 17-kuni ko‘rishguncha». Ikkala muxolifat yetakchisi ham bir haftadan ko‘proq vaqt davomida yashirinib yuribdi. Machado yaqinda noma’lum joyga olib ketilgan Venesuela muxolifati vakillari tufayli o‘z hayotidan xavotirda ekanini aytdi, deb ta’kidladi AFP.

AQSh Maduroga prezidentlikdan voz kechish evaziga amnistiya taklif qildi

Oq uy maxfiy muzokaralar davomida Nikolas Maduroga amnistiya evaziga Venesuela prezidenti lavozimidan ixtiyoriy ravishda voz kechishni taklif qildi, deb xabar berdi The Wall Street Journal (WSJ) o‘z manbalariga tayanib. Qo‘shma Shtatlarda Maduro va uning yuqori martabali sheriklari giyohvand moddalar savdosi va xususan, AQShga kokain olib kirishda ishtirok etganlikda ayblangan.

WSJ suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Vashington Maduroga 2023 yilda Dohadagi maxfiy muzokaralar chog‘ida xuddi shunday shartlarda amnistiya taklif qilgan. Biroq o‘shanda Venesuela rahbari hokimiyatdan muddatidan oldin voz kechish shartlarini muhokama qilishdan bosh tortgan va shundan beri uning pozitsiyasi o‘zgarmagan. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maduro Qo‘shma Shtatlardan «Venesuelaning ichki ishlariga aralashmaslikni» so‘radi va agar Vashington unga hurmat ko‘rsatsa, u bilan muzokaralarga ochiqligini ta’kidladi.

Maduro Venesuela rahbari etib qayta saylandi

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, avvalroq mamlakatni ikki muddat prezidentlik lavozimida boshqargan Maduroni saylovchilar 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.

Muxolifatga ko‘ra, ovozlar adolatli sanalganda Gonsales taxminan 67 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozonishi kerak edi. Maduroning raqiblari Venesuela bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov uchastkalaridan olingan byulletenlarning 80 foizdan ortig‘ini e’lon qildi. Saylovdan oldingi so‘rovlar ham Maduroning mag‘lubiyatini bashorat etgan edi. 

Saylov natijalari e’lon qilingach, Karakas va Venesuelaning boshqa shaharlarida soxtalashtirishga qarshi namoyishlar boshlandi. Politsiya va harbiylar namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalangan. Reuters agentligiga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. 

YeI va AQSh Venesueladagi saylov natijalarini tan olmadi 

Amerika Qo‘shma Shtatlari avvalroq Gonsalesni «katta farq» bilan saylovda g‘olib deb e’lon qilgan edi. Davlat kotibi Entoni Blinken Venesuela hukumatini «Venesuela saylov qonunlari va Venesuela xalqining xohish-istaklariga muvofiq hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazish bo‘yicha munozaralarni boshlashga» chaqirdi.

Yevropa Ittifoqi xalqaro miqyosda tan olingan organ tomonidan saylov protokollarini mustaqil ravishda ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bryussel Maduroning ikkinchi muddatga qonuniyligini tan olmadi – mamlakatdagi avvalgi saylovlar ham xuddi shunday ssenariy bo‘yicha o‘tgan, shundan so‘ng Maduro rejimi muxolifatni ta’qib qila boshlagan va mamlakatda uzoq davom etgan siyosiy inqiroz boshlangan. 

Mavzuga oid