Venesuela muxolifati respublika rahbari Nikolas Maduroning saylovlarda rasman e’lon qilingan g‘alabasiga rozi bo‘lmagan holda 17 avgust kuni «Venesuela va butun dunyo ko‘chalarida» global norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirdi. «Bu xabar bugungi Venesuelada o‘zini tanimayotgan, oilasi ajratilishidan charchagan, ovoz bergan va 28 iyulda qaror qilingan narsa hurmat qilinishini istaganlar uchundir», - deydi muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado 12 avgust, dushanbaga o‘tar kechasi.
Machado, shuningdek, odamlarni o‘zlari yashayotgan shaharda faol bo‘lishga va namoyishlarga qo‘shilish uchun «taklif qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi bilan» videoni baham ko‘rishga chaqirdi. Muxolifat yetakchisining xabari chop etilganidan keyingi dastlabki to‘rt soat ichida bir yarim million marta ko‘rilgan.
Saylovda ishtirok etishi taqiqlanganidan keyin saylov byulletenida Machado o‘rniga kelgan muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales Urrutia alohida shunday dedi: «Biz g‘alaba qozondik, Venesuela g‘alaba qozondi. 17-kuni ko‘rishguncha». Ikkala muxolifat yetakchisi ham bir haftadan ko‘proq vaqt davomida yashirinib yuribdi. Machado yaqinda noma’lum joyga olib ketilgan Venesuela muxolifati vakillari tufayli o‘z hayotidan xavotirda ekanini aytdi, deb ta’kidladi AFP.
AQSh Maduroga prezidentlikdan voz kechish evaziga amnistiya taklif qildi
Oq uy maxfiy muzokaralar davomida Nikolas Maduroga amnistiya evaziga Venesuela prezidenti lavozimidan ixtiyoriy ravishda voz kechishni taklif qildi, deb xabar berdi The Wall Street Journal (WSJ) o‘z manbalariga tayanib. Qo‘shma Shtatlarda Maduro va uning yuqori martabali sheriklari giyohvand moddalar savdosi va xususan, AQShga kokain olib kirishda ishtirok etganlikda ayblangan.
WSJ suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Vashington Maduroga 2023 yilda Dohadagi maxfiy muzokaralar chog‘ida xuddi shunday shartlarda amnistiya taklif qilgan. Biroq o‘shanda Venesuela rahbari hokimiyatdan muddatidan oldin voz kechish shartlarini muhokama qilishdan bosh tortgan va shundan beri uning pozitsiyasi o‘zgarmagan. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Maduro Qo‘shma Shtatlardan «Venesuelaning ichki ishlariga aralashmaslikni» so‘radi va agar Vashington unga hurmat ko‘rsatsa, u bilan muzokaralarga ochiqligini ta’kidladi.
Maduro Venesuela rahbari etib qayta saylandi
Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat hukumati nazoratidagi saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, avvalroq mamlakatni ikki muddat prezidentlik lavozimida boshqargan Maduroni saylovchilar 51,2 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Biroq xalqaro kuzatuvchilarga saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan.















