O‘zbekiston | 21:31 / 16.08.2024
2810
6 daqiqa o‘qiladi

16 avgustning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Senatdan qaytgan qonun loyihasi, hukumat vakolatlariga qo‘shimchalar, 7 yilga qamalgan sobiq vazir va poytaxtdagi piyodalar uchun yangi ko‘rsatma— kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Bahsli qonun qabul qilinmadi

Senatorlar huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videolarini ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun jazo belgilashni ko‘zda tutuvchi qonunni ma’qullamadi.

Hujjat qayta ko‘rib chiqish uchun parlamentning quyi palatasiga qaytarildi.

Mazkur qonun loyihasi 2023 yil 28 noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingandi.

Qonun loyihasida huquq organlari xodimlarining foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida internetda tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Bu o‘zgarish faollarning keskin tanqidiga uchragan edi. Jumladan, deputatlar Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov ham bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.

Hukumat vakolatlariga qo‘shimchalar kiritilmoqda

Biroq Senat o‘zining 55-yalpi majlisida qabul qilgan qonunlar ham bor. Ulardan biri Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonundir. Mazkur qonun bilan vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi.

Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga doir bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.

Shuningdek, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, ularning majburiyatlari, vazifalari hamda shaxsiy javobgarligi aniqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, qonunda hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan qator muhim o‘zgarishlar aks etgan. Jumladan, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun

Senat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunni ham ma’qulladi.

Qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, murojaat qilinganda bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam berilishi belgilanmoqda.

Xususan, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanyapti.

Qayd etilishicha, hujjat bilan ilk bor yangi institut ochilib, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga 30 kungacha himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.

Sobiq vazir 7 yilga qamaldi

Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, keyinroq Nurafshon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan Muzaffar Soliyev 7 yilga qamaldi. U davlat mulkini talon-toroj qilish va mansab soxtakorligi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Soliyevga nisbatan ish joriy yil 13 mart kuni Shayxontohur tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudining hukmiga ko‘ra, sobiq hokim va vazir 3 yil mansabdor va moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan va uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.

Apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Jinoiy guruh talon-torojlikni asosan «Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suv bilan ta’minlashni yaxshilash» loyihasi doirasida amalga oshirgan.

Mazkur loyiha qiymati 138,65 mln AQSh dollari bo‘lib, u Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan. Loyiha doirasida Sirdaryo viloyatining 155 ta qishloq aholi punktlarida yashovchi 354 ming aholini ichimlik suv bilan ta’minlovchi, quvvati sutkasiga 154 ming metr kub bo‘lgan suv olish inshooti, 1064 km suv tarmog‘i, 57 ta suv tarqatish inshooti, 35 ta suv minorasi qurish rejalashtirilgan.

Muzaffar Soliyev va uning jinoiy sheriklari ushbu loyiha doirasida 10 ta holatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish va boshqa shakllarda jami 5 mln AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilib, taqsimlab olishgan.

Dastlabki tergov davrida Muzaffar Soliyevning bir nechta mulklari xatlangan. Jumladan, uning nomidagi Lada mashinasi, Yuqori Chirchiq tumani Mirobod mahallasidagi uy, turmush o‘rtog‘ining nomida bo‘lgan Tracker mashinasi), Toshkent shahrining Yakkasaroy va Mirobod tumanidagi xonadonlar, shuningdek, Soliyevning uyidan olingan 14 600 AQSh dollari xatlanib, yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.

Piyodalar uchun yangi ko‘rsatma

Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘llardagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganda — piyodalardan qo‘llarini baland ko‘tarishni so‘radi.

«Endilikda, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotganda — piyodalardan o‘ng yoki chap qo‘llarini baland-baland ko‘tarishlari, avtomashinalar to‘xtaganidan keyin yo‘ldan o‘tishlarini tavsiya qilamiz», deyiladi boshqarma axborot xizmati tomonidan tarqatilgan videoda.

Boshqarmaning bu tavsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziliklar va istehzolar keltirib chiqargan. Fikr yetakchilari piyodalarga bunday talab qo‘yilishi yo‘llarda avariyalar sonini oshishi va qoidabuzar haydovchilar tomonidan xaspo‘shlanishiga olib kelishini ta’kidladi.

Mavzuga oid