Senat Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni ma’qulladi
Qonun bilan vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi.
Senatning 55-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonun muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, qonun Hukumat faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish va uning zamonaviy sharoitda samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining vazifa va vakolatlariga doir bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Xususan, ijro etuvchi hokimiyatning iqtisodiyot, budjet, moliya, soliq, ijtimoiy, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohalaridagi vakolatlari aniq belgilanadi.
Shuningdek, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish tartibi, ularning majburiyatlari, vazifalari hamda shaxsiy javobgarligi aniqlashtirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda Hukumat faoliyatining mas’uliyati va ochiqligini oshirishga qaratilgan qator muhim o‘zgarishlar aks etgan. Jumladan, Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlar har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mamlakatimiz hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan hisobot taqdim etishi nazarda tutilgan.
Hukumat faoliyatida ish tartibini soddalashtirish uchun yangicha yondashuvni ta’minlash maqsadida mazkur qonun bilan Vazirlar Mahkamasi doirasidagi barcha masalalar Hukumat majlislarida hal etilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, vazirlarning turli yo‘nalishlar bo‘yicha mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda.
Jumladan, o‘zi rahbarlik qilayotgan vazirlikda ishni samarali tashkil etishi, biriktirilgan soha va tarmoqlarda yagona davlat siyosatini samarali olib borishi, uni rivojlantirish bo‘yicha natija va oqibatlar uchun shaxsan javobgar bo‘lishi belgilanadi.
Qonun Senat tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
19:13 / 02.11.2024
Oliy Majlis Senati a’zolari saylovini o‘tkazish sanasi belgilandi
21:36 / 24.10.2024
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatildi va Migratsiya agentligi tashkil etildi
18:22 / 24.10.2024
«O‘zagroinspeksiya» hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazildi
18:28 / 26.09.2024