O‘zbekiston | 17:45 / 15.08.2024
1972
4 daqiqa o‘qiladi

Senat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi

Qonun bilan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, zo‘ravonlikka uchragan bolalarga himoya orderi berish va bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish belgilanmoqda.

Foto: Getty Images

Senatning 55-yalpi majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun tasdiqlandi. Qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishi kutilmoqda.

Xususan, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkinligi belgilanyapti.

Qayd etilishicha, hujjat bilan ilk bor yangi institut ochilib, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Bu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o‘ttiz kun muddatgacha berilishi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshirilishi aytilgan.

Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakili arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Qonunda jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish huquqi aks ettirilmoqda.

Shuningdek, hujjatda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mazkur yo‘nalishda faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar hamda ularning vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek, o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularning hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.

Qolaversa, ota-onalar mas’uliyati yana bir karra oshiriladi. ya’ni ular bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib bormoqda. Mavjud huquqiy mexanizmlar uning oldini olish hamda jabrlanuvchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samara bermayapti.

“Mana shu oxirgi uch yilda ikki ming nafardan ziyod shaxs ota-onalik huquqidan mahrum qilingani ham jamiyatimizga mutlaqo yarashmaydigan holat. Bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘linayotgani haqida jamoatchilik faollari ham o‘z munosabatini bildiryapti. Shuning uchun mana shu masala qonuniy jazo choralarini kuchaytirish, asos yaratishga ehtiyoj borligidan, bu qonun bilan tartibga solinishi kerakligidan dalolat beryapti.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu masalada tashabbus bilan chiqqan, biz mana shu agentlikka minnatdorlik bildiramiz. Chunki aynan ularning tashabbusi bilan ushbu qonun Qonunchilik palatasiga kiritildi. Mazkur qonun bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha yaxlit, mustahkam va ishonchli tizim yaratilishiga xizmat qiladi”, – deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid