Jahon | 17:13 / 22.08.2024
4035
3 daqiqa o‘qiladi

40 yillik tutqunlikda - Janubiy Afrika hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil ozod etildi

Charli laqabli fil hayvonlarni himoya qilish tashkilotlarining ko‘p yillik sa’y-harakatlari ortidan ozodlikka chiqdi.

Foto: Four Paws

Janubiy Afrika milliy hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil 40 yillik tutqunlikdan so‘ng yovvoyi tabiatga qaytarildi.

Charli laqabli fil 1984 yil, ikki yoshligida Zimbabvening Hvanj milliy bog‘ida ushlangandi. Fil Janubiy Afrikadagi Boswell Wilkie sirkiga keltirilgan va fokuslarni ijro etishga o‘rgatilgan. 2000 yillarning boshida u mamlakat milliy hayvonot bog‘iga ko‘chirildi.

So‘nggi yillarda hayvonlarni himoya qilish guruhlari filning sog‘lig‘i haqida qayg‘urib, uni ozod qilish talabi bilan chiqdi.

20 avgust kuni yovvoyi tabiat huquqlarini himoya qiluvchi EMS fondi fil “ozodlik tomon to‘rt soatlik mashaqqatli safar”dan so‘ng Limpopo viloyatidagi Shambala xususiy qo‘riqxonasidagi yangi uyiga yetib kelganini e’lon qildi.

Bayonotda aytilishicha, filning ozod etilishiga Janubiy Afrika hukumati bilan ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng erishilgan. EMS Foundation va uning hamkorlari fillar hayvonot bog‘larida azob chekishini ko‘rsatadigan ilmiy dalillarni taqdim etgan.

Hayvonot bog‘ida Charli to‘rtta filning o‘limiga guvoh bo‘lgan, ular orasida hali bir oyga to‘lmagan bolasi ham bor edi.

2019 yilda fil tutqunlikdagi hayvonlarga xos stress alomatlarini ko‘rsatayotgani haqida xavotirlar paydo bo‘ldi. Hayvonot bog‘ini boshqaradigan Janubiy Afrika Milliy bioxilma-xillik instituti esa buni rad etdi.

 “Hamkorlarimiz bilan birgalikda Charlining yolg‘izligiga barham berish va uning o‘ziga mos uyda farovon yashashini ko‘rish uchun tinimsiz ishladik,” — dedi EMS fondi bilan hamkorlik qilgan Four Paws bosh direktori Jozef Pfabigan.

Filning yangi uyi 10 000 gektarlik qo‘riqxona bo‘lib, u yerda fillarning rivojlanayotgan populyatsiyasi mavjud. Qo‘riqxonada hayvonlar yovvoyi tabiatga muvaffaqiyatli qayta integratsiya qilib kelinadi.

Hududda Charli veterinariya va mutaxassislar tomonidan diqqat bilan kuzatib boriladi. Qayd etilishicha, jonivorda allaqachon yangi muhitga moslashish belgilari namoyon bo‘lmoqda.

Filni ko‘chirishga rahbarlik qilgan veterinar doktor Amir Halil Charli reabilitatsiya va oziqlantirish dasturi ostida ekani, yaqin oylarda uni yanada kattaroq hududga qo‘yib yuborish rejalashtirilganini aytdi.

EMS direktori Mishel Pikover Yohannesburgdagi hayvonot bog‘ida ham uchta fil borligini aytdi. “Biz bu masalada Yoxannesburgga qarshi sudga murojaat qilyapmiz”, — dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Afrikada 25 000 dan ortiq yovvoyi fillar mavjud.

Afrika fillari brakonerlar tahdidiga duch keladi — har yili minglab fillar tishi uchun noqonuniy ravishda o‘ldiriladi. Bundan tashqari, aholi punktlarining kengayishi tufayli fillarga mos yashash joylari yo‘qolib ketmoqda.

Mavzuga oid