Jamiyat | 16:44 / 26.03.2024
26399
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hayvonot bog‘ida emu tomoshabin tashlagan ozuqani deb yomon ahvolga tushib qoldi

Bog‘ga kelgan tomoshabinlardan biri emuning katagiga yegulik otgan, lekin yegulikning bir qismi qushlargacha yetib bormay, setkaning tagiga tushgan. Uni yemoqchi bo‘lib bo‘y cho‘zgan emuning boshi setkaga tiqilib qolgan, boshini chiqarib olaman deb o‘z bo‘ynini o‘zi uzib yuborishiga bir baxya qolgan. Voqeadan keyin qush operatsiya qilingan.

Videodan kadrlar

Toshkent hayvonot bog‘ida tomoshabinlar hayvonlarga yegulik berishi yana bir noxush hodisaga olib keldi. Bog‘ning Telegram-kanalida 26 mart kuni emu (uchmaydigan qush)lar katagida ro‘y bergan holat videosi e’lon qilindi.

Videoda ko‘rinishicha, tomoshabin yigit ikkita emu turgan katakka qandaydir yegulik otgan, lekin uning hammasi ham qushlargacha bormay, setkaning tagiga tushgan. Emulardan biri uni yemoqchi bo‘lib bo‘yin cho‘zganida boshi setkaga tiqilib qolgan, qush qattiq tipirchilagancha boshini chiqarib olgan.

“Mana emuga ovqat berish nimaga olib keldi. U tashrif buyuruvchi tashlagan ozuqani yeyishga uringanida boshi setkaga tiqilib qolib, o‘z boshini o‘zi yulib olishiga bir baxya qoldi. Veterinar shifokorlarimiz uni operatsiya qilishdi. Ahvoli og‘ir”, – deyiladi xabarda.

Emular – tuyaqushlar, nandu va kazuarlar qatorida uchmaydigan qushlarning eng yiriqlaridan sanaladi. Hozirgacha saqlanib qolgan turlari Avstraliyaning cho‘l va dasht butazorlarida yashaydi. Bo‘yi 170 smgacha, og‘irligi 55 kggacha bo‘ladi. Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, hayvonot bog‘ida jonivorlarning salomatligini saqlash maqsadida tashrif buyuruvchilarning ularga yegulik berishi taqiqlangan.

Mavzuga oid