Jahon | 11:30 / 23.08.2024
4539
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya maktablarida sun’iy intellekt joriy etilib, mobil telefonlar taqiqlanmoqda

Italiyada yangi o‘quv yilida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajriba boshlanadi. SI o‘quvchilarga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga yordam berishi, o‘qituvchilar uchun esa ma’muriy yukni kamaytirishi rejalashtirilgan.

Foto: AP

2024-25 o‘quv yilida Italiya maktablarida sun’iy intellektga asoslangan virtual yordamchilar bo‘yicha keng ko‘lamli sinovlar o‘tkaziladi. SI-assistentlarning vazifalari har bir o‘quvchi uchun uning qobiliyati va mavzuni o‘zlashtirish tezligiga qarab ta’limni personallashtirishdan iborat. Virtual yordamchilar, shuningdek, muayyan iste’dodga ega bolalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘qituvchilarga virtual yordamchilar ma’muriy ishlarni minimallashtirishga va sinfda qulay muhitni saqlashga yordam beradi. Bundan tashqari, SI-assistentlarning ko‘magi bilan o‘qituvchilar imkoniyati cheklangan bolalar va italyan tili ikkinchi til bo‘lgan o‘quvchilarining integratsiyasiga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniga ega bo‘ladi. O‘qituvchilarni raqamli texnologiyalar bilan ishlashga o‘rgatish uchun davlat tomonidan allaqachon mablag‘ ajratilgan.

Yangi o‘quv yilida maktab ta’limi tizimiga ta’sir qiladigan yana ikkita o‘zgarish kutilmoqda: qog‘oz kundaliklarni qaytarish va darslarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash.

Italiya ta’lim vazirining ta’kidlashicha, ikkala yangilik ham elektron qurilmalardan ko‘p foydalanish yozish ko‘nikmalari, xotira va diqqatni jamlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bilan bog‘liq.

 “Bolalarni yana ruchka va qog‘ozdan foydalanishga o‘rgatish kerak,” — dedi vazir

So‘nggi vaqtlargacha italiyalik o‘quvchilar uy vazifalarini elektron kundalikka yozib borgan. Yangi o‘quv yilidan boshlab u faqat ota-onalar nazorati uchun ishlatiladi, topshiriqlar esa o‘quvchilar tomonidan klassik qog‘oz kundaliklarga qo‘lda yoziladi.

Ta’lim vazirining so‘zlariga ko‘ra, mobil telefonlar ta’limda ko‘zlangan maqsadlarga erishishda yordam bera olmasligi sabab taqiqlandi. Planshetlar va kompyuterlarga bu taqiq amal qilmaydi: o‘quvchilar ulardan pedagoglar nazorati ostida foydalanishda davom etadi.

 

Mavzuga oid