O‘zbekiston | 15:20 / 26.08.2024
6098
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda maktab o‘qituvchilari “Tashabbusli budjet”ga ovoz yig‘ishga majburlanyapti

Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘qituvchilarga ko‘ra, Romitan tumanidagi maktablarda faoliyat yuritadigan o‘qituvchilarga uyma-uy yurib, maktab texnik bazasini yaxshilash uchun ovoz yig‘ish buyurilgan. Qonunchilikka binoan, bu mehnatga majburlash hisoblanadi. “Tashabbusli budjet”dagi majburiy ovoz yig‘ish holatlari haqida 1282 qisqa raqami orqali xabar berish mumkin.

Romitan tumani 18-maktab / Foto: Openbudget.uz

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilar “Tashabbusli budjet”da maktab uchun qoldirilgan tashabbusga ovoz yig‘ishga jalb qilinyapti. Bu haqda Kun.uz'ga maktab xodimlari xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Tashabbusli budjet” loyihasining 2-mavsumida maktab tomonidan “Ochiq budjet” portaliga Romitan tumani “Sho‘rcha” MFYda joylashgan 18-maktabni ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga oid tashabbus bildirilgan. Loyiha qiymati 1,2 mlrd so‘m etib belgilangan.

Portalga joylangan rasmlardan ko‘rinadiki, maktab texnik bazasi eskirib ketgan. Tashabbuskorlar so‘rayotgan narsalar: 1-4-sinf va 5-11-sinf til o‘rganish xonasi uchun jihozlar, sinf doskalari, kuzatuv kameralari, kutubxona uchun jihozlar, metallga va yog‘ochga ishlov berish o‘quv ustaxonasi uchun jihozlar, oshxona uchun jihozlar, shuningdek, rahbar xonasi, sportzal, tibbiyot xonasi, o‘qituvchilar xonasi, faollar zali uchun jihozlardan iborat.

Maktab Telegram guruhida maktab rahbariyati o‘qituvchilarga “tezroq ovoz yig‘ish”ni topshirgan.

“Boshqa maktablar bizdan oldinga o‘tib ketyapti, shuncha yugurganimizni bir pul qilmaylik. Bizdan keyingi maktab 30 ta ovoz bilan pastda turibdi. Soat 1 yarimlarda ovoz yig‘ishga ko‘chaga chiqsak, 3 yarimda yana chiqamiz”, – deyiladi audioda.

O‘qituvchilar uyma-uy yurib, ovoz yig‘ishga majbur bo‘lyapti. Ularning yozishicha, bu jarayon oson bo‘lmayapti: “Odamlar bitta ovoz uchun 2 ta yog‘ so‘rayapti”.

Bundan tashqari, Romitan tumanidagi 1-IDUM, 2-maktab, 7-maktab o‘qituvchilari ham ovoz yig‘ishga majburlanayotgani aytilmoqda.

“Maktabimizga rahmim keladi, holati juda achinarli. Jihozlar eskirib ketgan. O‘zimiz ham, bolalarimiz ham maktabimiz yutishidan manfaatdormiz. Bir bizda emas, boshqa maktablarda ham shu ahvol – o‘qituvchilar uyma-uy yurib, ovoz to‘plab yuribdi”, – deydi 18-maktabda faoliyat yuritadigan o‘qituvchilardan biri.

Ovoz to‘plashga majburlash – majburiy mehnat sifatida tasniflanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli budjet”da qo‘l ostidagi xodimlarini ovoz to‘plashga majburlash – majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan majburiy mehnat taqiqlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar 50–100 BHM jarimaga tortiladi. Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148-2-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekistonda “Tashabbusli budjet”ning 2024 yilgi 2-mavsumida ovoz berish bosqichi 22 avgust kuni boshlandi. Bu mavsumdan boshlab, majburiy ovoz to‘plash holatlarini kamaytirish maqsadida:

  • ovoz yig‘ish bosqichi 10 kungacha qisqartirildi;
  • majburiy ovoz to‘plangani tasdiqlangan holatlarda, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bu loyihalarni chetlatish yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarish vakolati berildi;
  • o‘z rahbari tomonidan ovoz yig‘ishga majburlangan xodimlardan murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha 1282 ishonch telefoni ishga tushirildi.

Ovoz berish bosqichi 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Mavzuga oid