Jamiyat | 16:47 / 29.08.2024
6294
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada 3 yil tutqunlikda qolib ketgan o‘zbekistonlik ayol qutqarildi

Istanbulga ketib, 2021 yildan buyon oila a’zolariga aloqaga chiqmay qo‘ygan 42 yoshli O‘zbekistonlik ayol Turkiya fuqarosi tomonidan tutqunlikda ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi. Ayol O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi vakillari va mahalliy politsiya yordamida qutqarib olindi.

21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Istanbuldagi Bosh konsulxonaga Tashqi ishlar vazirligi murojaat qilib, 4 yil oldin Istanbul ketgan onasi 3 yildan beri aloqaga chiqmayotganini aytgan hamda uni topish, vatanga qaytarishda yordam so‘ragan.

Olib borilgan tekshirishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, 1982 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan X.D. Turkiyaning Ushoq (Izmir yaqinida) shahrida bo‘lgan. O‘zbekistonlik ayol 2020 yildan buyon Turkiya fuqarosi M.G. tomonidan erkiga xilof ravishda tutqunlikda ushlab turilganligi aniqlandi.

27 avgust kuni Bosh konsulxona, Tashqi mehnat migratsiyasining Istanbul shahridagi vakili, «O‘zbek ayollari huquqlarini himoya qilish» jamiyati va Turkiya Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etildi. Tadbirda o‘zbekistonlik ayol hayotiga va sog‘ligiga ziyon yetkazilmagan holda qutqarilib, Ushoq shahar ichki ishlar boshqarmasiga yetkazildi.

Istanbuldagi konsullik xabariga ko‘ra, Turkiya qonunchiligiga binoan shaxsni erkiga xilof ravishda tutqunlikda saqlaganligi uchun M.G.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ayolni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar davom ettirilmoqda.

Turkiyadagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi yurtdoshlarimizdan yolg‘on va’dalarga ishonib erki va hayotini xavf ostiga qo‘ymaslikni, shu kabi vaziyatga tushgan taqdirda Anqaradagi O‘zbekiston elchixonasi yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat etishini tavsiya qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid