Jahon | 21:03 / 31.08.2024
3532
3 daqiqa o‘qiladi

Singapurda erkak xotini bilan ajrashish uchun uning mashinasiga kannabis tashlab qo‘ygani aniqlandi

Erkak va ayol 2021 yilda oila qurgan, biroq oradan bir yil o‘tib oila buzilgan. Singapurda kamida uch yil birga yashagan oilalarning rasman ajrashishiga ruxsat berilgani uchun ular ariza bera olmay kelgan.

Foto: Getty Images

Singapurda sobiq rafiqasidan qasos olish maqsadida uning mashinasiga kannabis tashlab qo‘ygan erkak 4 yil muddatda ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 37 yoshli Tan Syanlun rafiqasiga tegishli mashinaning orqa o‘rindig‘i orasiga yarim kilogramm kannabis tashlab qo‘ygan — bu giyohvand moddalar savdosi uchun belgilangan o‘lim jazosini tayinlash uchun yetarli deb o‘ylagan.

Singapurda giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha dunyodagi eng qat’iy qonunlar mavjud bo‘lib, hukumat bu qonunlar giyohvand moddalar jinoyatining oldini olish uchun zarur deb hisoblaydi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Tan «da’vogar tarafni qo‘rqitib, unda qonun bilan muammolarni yuzaga keltirmoqchi bo‘lgan». «U o‘z rejasi amalga oshadigan bo‘lsa, sobiq rafiqasi hibsga olinib, og‘ir jinoyatda ayblanishini tushungan», — deyiladi xabarda.

29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan sudda u kannabis saqlab kelgani uchun 3 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, sud erkakka nisbatan ashyoviy dalillarni qasddan tashlab qo‘yish bo‘yicha ikkinchi ayblovni ham ko‘rib chiqqan.

Tan hamda rafiqasi 2021 yilda oila qurgan va oradan bir yil o‘tib ular ajrashib ketgan. Singapurda kamida uch yil birga yashagan oilalar ajrashishiga ruxsat berilgani uchun ular ariza bera olmay kelgan. Tan agar rafiqasi sudlansa, ushbu qoidaga istisno qo‘llanishi mumkin deb o‘ylagan.

O‘tgan yili u Telegram orqali tanish ayol bilan muloqoti davomida rafiqasidan qutulish uchun «ideal jinoyat» o‘ylab topganini aytgan. 16 oktyabr kuni u messenjerdagi chatlar orqali kannabis sotib olgan va ertasi kuni uni rafiqasining mashinasiga yashirgan.

Aftidan, Tan rafiqasining avtomobili kameralar bilan jihozlanganidan bexabar bo‘lgan. Ayol telefoniga kelgan videoda sobiq turmush o‘rtog‘i uning avtomobili atrofida o‘ralashib yurganini ko‘rgan va bu haqda politsiyaga xabar bergan.

Tergov davomida politsiya mashinani tintuv qilib, u yerdan giyohvand moddalarni topgan va Tanning rafiqasini hibsga olgan. Ammo unga nisbatan biror dalil topilmagach, tergov e’tiborini Tanning o‘ziga qaratgan.

Singapurda giyohvand moddalarni saqlaganlik uchun qamoq, uning savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanganlik uchun esa o‘lim jazosi belgilangan.

Mavzuga oid