Jahon | 23:26 / 17.09.2024
2645
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon o‘z xodimlarini ofisdan turib ishlashga qaytarmoqchi

Amazon kompaniya bosh direktori gibrid ish rejimi siyosati bekor qilingani sabab xodimlarga haftasiga besh kun ofisdan ishlashni buyurmoqda.

Foto: Reuters

Amazon gibrid ish rejimi siyosati bekor qilingani sabab xodimlariga haftasiga besh kun ofisdan ishlashni buyurmoqda, deb xabar beradi BBC. Amazon bosh direktori Endi Jassining xodimlarga yo‘llagan xizmat qaydnomasida bu kabi o‘zgarishlar yanvardan kuchga kirishi haqida so‘z boradi.

«Biz kovid pandemiyasidan oldin bo‘lgani kabi ofisdan ishlashga qaytishga qaror qildik», — deydi u. Jassining qo‘shimcha qilishicha, bu xodimlarga «ixtirochilik qobiliyatini yaxshiroq ishga solish, birgalikda ishlash va bir-biri bilan yetarlicha aloqada bo‘lishi»ga xizmat qiladi.

Amazon’ning korporativ ishchini ofisga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlari butun dunyo bo‘ylab 1,5 milliondan ortiq xodim faoliyat yuritadigan kompaniya ichida keskinlikni yuzaga keltirmoqda. O‘tgan yili kompaniyaning Sietldagi shtab-kvartirasi xodimlari norozilik aksiyasini o‘tkazgan edi — bunga kompaniya pandemiya vaqtida masofadan turib ishlaydiganlar uchun joriy etilgan ustama pullari to‘lanishini qiyinlashtirgani sabab bo‘lgan. Oxir-oqibat Amazon namoyish tashkilotchisini ishdan bo‘shatgan.

2021 yilda kompaniya asoschisi Jyeff Bezos o‘rniga bosh direktor bo‘lgan Jassining ma’lum qilishicha, u «byurokratiyaning pochta qutisini» tashkil etgan bo‘lib, xodimlar keraksiz qoidalar haqida xabar berishlari mumkin. Shuningdek, kompaniya menejerlar ko‘proq odamlarni nazorat qila olishlari uchun ularga tuzilmani qayta ko‘rib chiqishni buyurgan.

Amazon’ga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, xodimlar kutilmagan holatlarda, masalan, farzandi kasal bo‘lib qolsa yoki favqulodda holat yuz bersa, oldingidek uydan turib ishlay oladi.

Mavzuga oid