Jamiyat | 10:02 / 19.09.2024
3416
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram’dan soxta havola jo‘natib o‘zganing pullarini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Qoraqalpog‘istonda Telegram’ga soxta havola joylab, shu orqali o‘zganing pullarini o‘zlashtirgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Buxoro viloyatida yashovchi Yo.M. IIBga murojaat qilib, bank kartasidan 16 mln 410 ming so‘m noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qoraqalpog‘istonda yashovchi A.J. sodir etganligi aniqlangan.

Unga ko‘ra, A.J. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali soxta havola jo‘natib kelgan. Bunga ishongan Yo.M.ning bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va uning hisobidagi 16 mln 410 ming so‘mni o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan A.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid