Slovakiya bosh vaziri Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi
Slovakiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini «so‘zsiz» qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Robert Fitso Ujgorodda Denis Shmihal bilan uchrashuvda.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 7 oktyabr, dushanba kuni Ukraina g‘arbidagi Ujgorodda ukrainalik hamkasbi Denis Shmihal bilan uchrashdi. Uchrashuvda energiya xavfsizligi, infratuzilma loyihalari sohasidagi hamkorlik, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Shveytsariyadagi sammitda taqdim etgan «tinchlik rejasi»ni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Robert Fitsoning aytishicha, Slovakiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini «so‘zsiz» qo‘llab-quvvatlaydi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Bratislava integratsiya jarayoniga hech qanday to‘siq qo‘ymaydi. Shu bilan birga, bu Ukrainaning NATOga potensial kirishiga taalluqli emas, dedi Fitso. «Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi haqida gap ketganda, biz o‘zimizni tiyib turibmiz, ammo Yevropa Ittifoqi misolida yuz foiz siz tomondamiz», deb ta’kidladi u.
Bir kun avval Fitso STVR telekanaliga bergan intervyusida Slovakiya bosh vaziri lavozimini egallab turgan paytda Ukrainaning NATO a’zoligiga rozi bo‘lmasligini aytdi. Siyosatchining fikricha, Ukrainadagi urush «ruslarni tiz cho‘ktirish» uchun «G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani» uchungina davom etmoqda. Shuningdek, u 2025 yilda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi munosabati bilan Moskvaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini aytdi.
Fitso urushdan keyin RF bilan munosabatlarni tiklashni yoqlab chiqdi
Agar Ukrainadagi urush Slovakiyaning amaldagi hukumati mandati davomida, ya’ni 2027 yilgacha yakunlansa, bu YeI mamlakati bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi «iqtisodiy va normal» munosabatlarni tiklash uchun hamma narsani qilish niyatida. Fitsoning Slovakiya va Ukraina hukumatlari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar arafasida bergan bu bayonoti haqida 3 oktyabr kuni Aktuality internet nashri xabar berdi.
«Yevropa Ittifoqiga Rossiya Federatsiyasi kerak, Rossiya Federatsiyasiga, albatta, Yevropa Ittifoqi kerak», dedi Slovakiya bosh vaziri hukmron koalitsiyadagi partiyalar vakillari bilan birgalikda matbuot anjumanida.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024