Jahon | 09:50
2919
2 daqiqa o‘qiladi

MI5 rahbari Rossiya va Eron tomonidan tahdid kuchayganini ma’lum qildi

Ken Makkallumning aytishicha, Rossiya, Eron va terrorchilar tomonidan tahdidlar kuchaymoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida MI5 tergov qilayotgan ishlar soni 1,5 barobar oshgan.

Foto: mi5.gov.uk

Rossiya razvedkasi o‘z oldiga «Britaniya va Yevropa ko‘chalarida betartiblik urug‘ini» ekishni maqsad qilib qo‘ygan, dedi Britaniyaning MI5 kontrrazvedka xizmati rahbari Ken Makkallum 8 oktyabr, seshanba kuni Londonda aksilterror operatsiyalar markazi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida. Uning nutqi matni MI5 matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan.

«Biz o‘t qo‘yish, diversiya va boshqalarni ko‘rdik. Tobora kuchayib borayotgan xavfli harakatlar ehtiyotsizlik bilan amalga oshirilmoqda», dedi Makkallum Rossiya operatsiyalari tafsilotlarini keltirmasdan.

Uning ta’kidlashicha, «tartibsizlik yaratish bo‘yicha doimiy missiyasini» amalga oshirish uchun GRU jinoiy doiralar vakillari va uchinchi mamlakatlar fuqarolariga murojaat qilishga majbur, chunki uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya elchixonalarida ishlagan ko‘plab josuslar chiqarib yuborilgan.

Nafaqat Rossiya, balki boshqa davlatlar ham

Makkallumning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya hozir Rossiya, Eron va Xitoy kabi davlatlar hamda terrorchilik tashkilotlarining harakatlari tufayli o‘z tarixidagi «eng murakkab va o‘zaro bog‘liq» tahdidga duch kelmoqda.

2022 yil yanvar oyidan beri Britaniya kontrrazvedkasi va politsiyasi Eron ko‘magida uyushtirilgan 20 ta fitnani fosh etishga muvaffaq bo‘ldi, dedi MI5 rahbari. Gap suiqasdlarni tayyorlash masalasi haqida ham borgan. Xitoy razvedka xizmatlari, deydi u, asosan sanoat va ilmiy josuslik bilan shug‘ullanadi.

Umuman olganda, o‘tgan yili MI5 tekshirgan ishlar soni 48 foizga o‘sdi, dedi Makkallum hamda terrorizm bilan bog‘liq va xorijiy tahdidlarning uyg‘unligi uning razvedka agentligining «ishi qiyin» ekanini anglatishini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid