Fan-texnika | 01:17 / 11.10.2024
7180
3 daqiqa o‘qiladi

Durov «VKontakte» qanday yaratilganini so‘zlab berdi

40 yoshga to‘lgan Pavel Durov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ini yaratgani va akasi Nikolayning undagi roli haqida gapirdi.

Foto: Global Look Press

Telegram asoschisi Pavel Durov 40 yoshga to‘lishi munosabati bilan ilk bor Rossiyadan ketgunga qadar «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ini qanday yaratgani va akasi Nikolayning undagi roli haqida gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq yaratish g‘oyasi universiteti bitirgan zahoti kelgan. «Sobiq kursdoshlarim bilan aloqani saqlab qolishni istardim, ammo bir-birimizni topishimiz mumkin bo‘lgan veb-saytsiz buni amalga oshirish qiyinligini bilardim. Shu bois 2006 yilning avgust oxirlarida o‘zimga maqsad qo‘ydim — to‘rt hafta ichida universitet talabalari va bitiruvchilari uchun ijtimoiy tarmoq yaratish», — deb yozadi Durov o‘zining Telegram kanaliga.

Ta’kidlanishicha, bu vaqtga kelib u dasturlardan yaxshigina xabardor bo‘lcada, ammo baribir Germaniyada yashagan akasi Nikolayning yordami kerak bo‘lgan: «Nikolay — ajoyib matematik va algoritm dasturchisi, biroq u doim veb-dasturlash bilan shug‘ullanishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Nikolay Bonndagi Maks Plank universitetida matematika dissertatsiyasiga bor e’tiborini qaratgan edi. U kod borasida yordam berishdan bosh tortdi, ammo maslahat berdi: «Avvaliga foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish kodini yoz. Sen buni uddalaysan», dedi».

Durovning aytishicha, akasining maslahati foyda bergan. U tizimdagi kirish sahifasi orqali saytni yaratishni boshlagan: dastlabki foydalanuvchilarning ma’lumotlari ma’lumotlar bazasiga qo‘lda kiritilgan. Durovning so‘zlariga ko‘ra, 2006 yil sentabrda u «VKontakte» uchun 20 soatdan vaqt sarflab kod yozgan, keyin esa ovqatlangan va 10 soat uxlagan.

«Ish kunidan keyin o‘zimga bir qozon makaron pishirardim va unga ko‘p pishloq qo‘shib yerdim. Menga boshqa ovqat kerak emasdi. Tashqarida tunmi yoki kun — farqi yo‘q edi. Ijtimoiy munosabatlar yo‘qolib ketdi. Faqat kod muhim edi. Men loyihaning har bir qismini benuqson yaratishga harakat qilardim», — deydi tadbirkor.

Shunday qilib, loyiha to‘rt emas, balki olti haftadan keyin ishga tushirilgan — unga 2003 yildan beri talabalar uchun yaratib kelingan boshqa bir loyihadan minglab foydalanuvchilar taklif etilgan. Durov «VKontakte»ning birinchi versiyasi yaratilishini karerasining keyingi yo‘llarini belgilab bergan qimmatli mustaqil tajriba deb hisoblaydi. 

Mavzuga oid