Jahon | 11:56 / 12.10.2024
2370
3 daqiqa o‘qiladi

Ingushetiya hukumati raisining sobiq o‘rinbosariga suiqasd uyushtirildi

Sherip Alixojiyevga hujum Moskva oblastida sodir etilgan. Noma’lum shaxs unga to‘rt marta o‘q uzib, keyin voqea joyidan yashirindi.

Foto: AP

Moskva oblastida Ingushetiya hukumati raisining sobiq o‘rinbosari Sherip Alixojiyevning hayotiga suiqasd uyushtirildi, deb xabar berdi 11 oktyabr, juma kuni «Kommersant» gazetasi Rossiya Tergov qo‘mitasiga tayanib.

Baza Telegram-kanalining xabar berishicha, hujum 10 oktyabr kuni kechqurun, 52 yoshli Alixojiyev Lapino qishlog‘idagi uyining ayvonida bo‘lganida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs unga to‘rt marta o‘q uzib, keyin voqea joyidan yashiringan. Alixodjiyev ikkita jarohat olgan, ammo tirik qolgan.

Hujum paytida Sherip Alixojiyev uyda yolg‘iz bo‘lgan, deb yozadi «112» kanali. Suiqasdga guvohlar bo‘lmagan. Otishma uyushtirgan shaxs yashiringanidan so‘ng, jabrlanuvchi xotiniga qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lgan, u bu haqda qarindoshlariga xabar bergan. Tez yordam chaqirilgan. Shifokorlar yetib kelgach, Alixodjiyev mustaqil harakatlangan, aqli joyida bo‘lgan va faqat shifoxonada shoshilinch jarrohlik amaliyoti zarurligi ma’lum bo‘ldi.

Suiqasd fakti bo‘yicha jinoiy ish

Hozir Alixojiyev reanimatsiyada. Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda unga hech qanday tahdid bo‘lmagan. Mazkur holat yuzasidan odam o‘ldirishga urinish bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Sherip Alixojiyev Checheniston Davlat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, shuningdek, Shalinskiy rayonini boshqargan. Ilgari u Ingushetiya hukumati raisining o‘rinbosari ham bo‘lgangan. «112» Alixojiyev Axmat Qodirovning yaqin do‘sti va ittifoqchisi bo‘lganini ta’kidlaydi. So‘nggi yillarda Alixojiyev Rossiya Davlat dumasi deputati Vladimir Shamanovning yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Bir kun avval Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Wildberries bilan bog‘liq mojaro tufayli dog‘istonlik senator Sulaymon Kerimovga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining dog‘istonlik va ingushetiyalik deputatlari Rizvan Qurbonovga va Bexan Baraxoyevga qarshi qonli qasos e’lon qilishga tayyorligini ma’lum qilgandi. 

Mavzuga oid