«Moskva g‘arbida ikki kishining o‘ldirilishi holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ulardan biri Ingushetiya Respublikasining ekstremizmga qarshi kurashish markazi rahbari», - deyiladi qo‘mita matbuot xizmati xabarida.

RIA Novosti manbasining xabar berishicha, o‘ldirilganlar Ingushetiya IIV ekstremizmga qarshi kurashish markazi rahbari Ibrohim Eljarkiyev va Moskvadagi kasalxonalardan birida neyrojarroh bo‘lib ishlaydigan ukasi Ahmad Eljarkiyev bo‘lgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan «Ikki va undan ortiq kishining o‘ldirilishi» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi. Uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Eljarkiyev 2017 yilda Ingushetiya IIV ekstremizmga qarshi kurashish markazi rahbari bo‘lgandi
RUSSIAN MINISTRY OF INTERNAL AFFAIRS

«Qotil Ingushetiya IIV ekstremizmga qarshi kurashish markazi rahbari va uning akasini o‘ldirish uchun kamida 9 marta o‘q uzgan. U patronlar tugab qolishidan xavotirlanmasdan bamaylixotir o‘q uzgan. Katta ehtimol bilan u Stechkin, Yarigin to‘pponchalaridan yoki xorijda ishlab chiqarilgan quroldan foydalangan. Tergov vaziyatni oydinlashtirmoqda», - deyiladi TASS manbasi ma'lumotida.

Interfaks ham qotillik tafsilotlarini keltirgan.

«Qotil piyoda yurib kelgan, qurbonlariga qarata bir necha o‘q uzgan, keyin ular halok bo‘lganiga amin bo‘lish maqsadida boshga qarata o‘qlar uzilgan. Jinoyatchi qizil kurtkada bo‘lgan va voqea joyini zudlik bilan tark etgan», - deyiladi agentlik xabarida.

Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidagi kuzatuv kameralariga tushgan tasvirlar tarqalmoqda.

Bu birinchi hujum emas

2019 yil boshida ham Eljarkiyevga suiqasd uyushtirilgandi.

O‘shanda u Chechenistondan Ingushetiyaga qaytganida uning mashinasi Sunjyensk tumani hududida avtomatdan o‘qqa tutilgan.

O‘shanda uning hamrohlari og‘ir jarohatlar olgan, ulardan biri kasalxonada vafot etgan, Eljarkiyevga hech narsa qilmagandi.