Jahon | 10:00 / 18.10.2024
2466
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh husiychilarning yerosti qurol omborlariga zarba berdi

B-2 bombardimonchilari husiychilar qurollari saqlanadigan bir qancha yerosti omborlariga hujum qildi. Pentagon rahbari hujumni Qo‘shma Shtatlarning dushman yashirishga urinayotgan nishonlarga zarba berish qobiliyati namoyishi deb atadi.

Foto: Osamah Abdulrahman/AP Photo/picture alliance

AQSh kuchlari Yamandagi husiychilarning beshta mustahkamlangan yerosti qurol omboriga zarba berdi. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning 16 oktyabr, chorshanba kuni aytganidek, ularda husiychilar mintaqa bo‘ylab tinch aholi va harbiy kemalarga hujum qilish uchun ishlatadigan turli «qurol komponentlari» bor.

Ostinning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyada AQSh harbiy-havo kuchlarining B-2 Spirit strategik yashirin bombardimonchi samolyotlari ishtirok etgan. «Bu Qo‘shma Shtatlarning dushmanlarimiz qanchalik yashirgan, himoyalagan yoki mustahkamlagan bo‘lishidan qat’i nazar, maxfiy nishonlarga zarba berish qobiliyatining noyob namoyishi bo‘ldi», dedi AQSh mudofaa vaziri.

AQSh Yamandagi husiychilar nishonlariga raketa zarbalari berdi

Qo‘shma Shtatlar 4 oktyabr kuni Yamandagi eronparast «Ansor Alloh» guruhining husiychi jangchilari nazorati ostidagi bir qator nishonlarga raketa zarbalari berdi. Avvaliga Amerika qo‘mondonligidan bu haqda hech qanday rasmiy xabar yo‘q edi, biroq husiychilar tomonidan nazorat qilinadigan Yaman OAV xabarlari anonimlik sharti bilan AQSh ma’muriyati vakili tomonidan tasdiqlangan.

Ushbu xabarlarga ko‘ra, hujumlar Amerika harbiy samolyotlari va kemalaridan amalga oshirilgan. Nishonlar orasida Qizil dengiz sohilidagi Xodeyda shahri aerodromi va harbiy baza bor edi. Husiychilar nazorati ostidagi poytaxt Sano, shuningdek, Dhamar shahrida bir nechta nishonga zarba berildi.

Yamanning «Al-Masirah» telekanali Britaniya qo‘shinlari amerikaliklar bilan birga zarbalar berganini da’vo qilgan, biroq Britaniya hukumatidagi manbalar buni rad etmoqda. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid