Jahon | 15:30
1912
3 daqiqa o‘qiladi

GFR kansleri Turkiyaga qurol yetkazishni davom ettirish tarafdori ekanini aytdi

Olaf Shols va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda Yevropa qurollarini Turkiyaga yetkazib berish va Yaqin Sharqdagi mojaroni muhokama qildi. Germaniya kansleri Anqaraga qurol eksport qilinishini mantiqiy deb atadi.

Foto: tccb.gov.tr

Germaniya kansleri Olaf Shols va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaga Yevropa qurollarini yetkazib berishni davom ettirish tarafdori. Bu haqda ular 19 oktyabr, shanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qilishdi.

«Turkiya NATO a’zosi va shuning uchun biz aniq yetkazib berishga olib keladigan qarorlar qabul qilishda davom etamiz», deya dpa agentligi Sholsning so‘zlarini keltirgan. Erdo‘g‘an, shuningdek, Anqaraning Yevropa qurollarini xarid qilishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi. «Biz nihoyat mudofaa mahsulotlarini xarid qilishda duch kelgan muammolarni ortda qoldirib, hamkorlikni kengaytirmoqchimiz», dedi Turkiya rahbari.

Xususan, gap Turkiya qabul qilishni kutayotgan Yevropada ishlab chiqarilgan Eurofighter qiruvchi samolyotlariga tegishli. Ta’kidlanganidek, Germaniya ham samolyotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, shuning uchun ularni yetkazib berish uchun uning rahbariyati roziligi talab qilinadi. Shols Buyuk Britaniyaning Anqara bilan bu borada muzokaralar olib borayotganini bildirdi. Ayni paytda Yevropa davlatlaridan tashqari, Eurofighter Qatar, Quvayt, Saudiya Arabistoni va Ummon armiyalarida foydalanilmoqda.

2019 yilda turk qo‘shinlari Suriya shimoliga hujum boshlaganida Germaniyadan Turkiyaga qurol yetkazib berish sezilarli darajada kamaydi. Mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tufayli u yerga qurol eksport qilish maqbulligi haqidagi bahslar ham davom etmoqda. Biroq, Der Spiegel jurnali xabar qilganidek, 2024 yil sentabr oyida Turkiyaga kamida 236 million yevrolik nemis qurollari, jumladan, zenitli raketalar va torpedalar eksporti ma’qullangan.

GFR kansleri: Turkiyaga tashrif chog‘ida ko‘p mavzularni muhokama qilish kerak bo‘ladi

Germaniya federal kansleri Olaf Shols Turkiyaga tashrifi davomida migratsiya, Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar, Berlin va Anqara o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga oid ko‘plab masalalarni muhokama qilish niyatida ekanini aytgandi.

Bu haqda siyosatchi jurnalistlarga Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Shols Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan 19 oktyabrga belgilangan uchrashuv kun tartibida bir qator dolzarb masalalar borligini ta’kidlagandi.

«Migratsiya masalasi, albatta, har doimgidek muhim. Yevropa Ittifoqi va Turkiyaning bu borada hamkorlik qilishi to‘g‘ri va mantiqiydir. Biz buni doimo qo‘llab-quvvatlab kelganmiz va Yevropa Ittifoqini tegishli kelishuvlarni kengaytirishga chaqirganmiz», — dedi siyosatchi.

Shols Turkiya rahbari bilan uchrashuvda muhokama qilinishi rejalashtirilgan boshqa masalalarga e’tibor qaratdi.

«Turkiya va Yevropa o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, Berlin va Anqara munosabatlariga oid boshqa masalalarni muhokama qilishimiz kerak», dedi u.

Mavzuga oid