Jahon | 15:40 / 02.03.2026
5353
4 daqiqa o‘qiladi

Vadeful: “Bu mojaro yaqin kunlarda to‘xtamaydi”

Germaniya tashqi ishlar vaziri Ali Xominaiyning o‘ldirilishi bilan Tehrondagi rejim ham nihoyasiga yetsa, bu yaxshilik bo‘lishini aytdi. GFR TIV rahbari Tehron yadroviy qurol ishlab chiqishdan voz kechishiga umid bildirdi.

Foto: Virginia Mayo/AP Photo/picture alliance

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Yaqin Sharqdagi jang harakatlari uzoqqa cho‘zilishi mumkin, deb hisoblaydi. Nemis siyosatchisi bu haqda yakshanba, 1 mart kuni kechqurun ARD jamoat-teleradiokompaniyasidagi Karen Miocga olib boradigan tok-shouda bayonot berdi.

“Hammamiz bu mojaro cho‘zilishi mumkinligiga tayyor turishimiz kerak. Yaqin kunlarda jang harakatlari to‘xtaydi, deb taxmin qilishning iloji yo‘q”, — dedi Germaniya diplomatiyasi rahbari.

Shu munosabat bilan, uning ta’kidlashicha, mintaqada ta’sir ko‘rgan mamlakatlardan “boshqa usullar bilan ham chiqib ketish imkoniyatini ta’minlash” uchun — allaqachon qo‘llangan choralarga qo‘shimcha ravishda tadbirlar ko‘rish zarur.

Eron oliy rahbari Ali Xominaiy haqida gapirar ekan, Vadeful uning o‘limi “albatta, yaxshilik bo‘ladi”, agar shu bilan Tehrondagi rejim ham tugasa, dedi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Xominaiy o‘z aholisini zulm ostida ushlab, mintaqani beqarorlashtirgan “shafqatsiz” tizimga rahbarlik qilgan.

GFR tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Tehron yadroviy qurol yaratishdan, ballistik raketalardan va mintaqadagi qo‘poruvchi faoliyatdan voz kechishiga umid bildirdi. “Aynan shu maqsadga bu harbiy zarbalar qaratilgan”, — deya xulosa qildi Yoxann Vadeful.

Dpa agentligi xabar berishicha, vazir mintaqada qolib ketgan sayyohlar ham o‘z xavfsizligi uchun mas’ul ekanini ta’kidlagan. “Bu (mintaqada bo‘lish — tahr.) xavfli bo‘lishi mumkinligi to‘liq kutilmagan holat emas edi”, — dedi diplomat.

O‘z navbatida, Bundestag vitse-spikeri va “Ittifoq-90/Yashillar” partiyasining sobiq hamraisi Omid Nuripur hukumat bunday vaziyatda ham Germaniya fuqarolariga yordam berishga majbur, degan fikrda. Uning fikricha, avval e’lon qilingan mintaqaga safar xatarlari haqidagi ogohlantirishlarga qayta-qayta ishora qilishning o‘zi yetarli emas. Agar quruqlik orqali qo‘shni davlatlarning aeroportlariga chiqib ketish mumkin bo‘lsa, Berlin bunday yo‘nalishlarni faol tarzda tashkil etishi kerak. “Bu — davlatning vazifasi”, — deya ta’kidladi Nuripur.

Isroil va AQShning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi Yaqin Sharqda ham, uning tashqarisida ham aviaaloqaning keng ko‘lamda izdan chiqishiga olib keldi. Shanba, 28 fevral kuni nafaqat Isroil va Eron, balki Iroq, Iordaniya, Bahrayn, Kuvayt, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ham havo hududini to‘liq yoki qisman yopdi. Dubay, Abu-Dabi va Dohadagi asosiy aeroportlar ishlashni to‘xtatdi.

Cirium tahlil kompaniyasi hisob-kitobiga ko‘ra, 28 fevral kuni Yaqin Sharq mamlakatlariga qo‘nish kerak bo‘lgan 4218 reysdan 966 tasi (22,9 foiz) bekor qilingan. Shu kuni Yaqin Sharq aviakompaniyalari jami 1800 reysni bekor qildi.

Ko‘plab nemis sayyohlar ham aeroportlarda qolib ketgan. Ulardan biri Bild gazetasiga shunday degan: “Dubay xalqaro aeroportida to‘liq xaos. Minglab odamlar terminalni tark etishga urinyapti. Chiqish yo‘llari yo‘q, terminallar orasida transport qatnovi ham yo‘q. Hech qanday e’lonlar yo‘q, xodimlar ham ko‘rinmaydi”. Fors ko‘rfazi aviakompaniyalaridan biri vakili vaziyatni “ulkan logistik dahshat” deb atagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid