O‘zbekiston | 20:25 / 22.10.2024
1344
7 daqiqa o‘qiladi

22 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

Havo iflosligi bo‘yicha top-uchlikka kirgan Toshkent, o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik o‘qituvchilarning maoshi, Chilonzorda qurilayotgan ikki qavatli avtobus bekati – kun davomida Kun.uz'da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Havosi iflos Toshkent

Hali isitish mavsumi boshlanmagan bo‘lsa-da, Toshkent yana dunyoning havosi eng iflos shaharlari reytingida tez-tez yuqori o‘rinlarni egallamoqda. Poytaxtimiz bugun tongda antireytingda 6-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, oqshomga yaqin 3-o‘ringa ham chiqib oldi. Bu vaqtda shahardagi PM2,5 zarralari miqdori 1 kub metr havo tarkibida 70 mikrogrammdan oshgan.

Ushbu ko‘rsatkich havoning iflosligi aholining barcha qatlamlari uchun zararli darajada ekanini bildiradi. Mutaxassislar bunday vaqtda ochiq havoda kamroq bo‘lish, niqob taqish va derazalarni yopishni tavsiya qiladi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkentda PM2,5 emissiyasining yuqoriligi yiliga 3 mingdan ortiq kishining bevaqt olamdan o‘tishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘limlarning 84 foizi insult, yurak ishemik kasalligi va quyi nafas yo‘llari infeksiyalari bilan bog‘liq. Tahlillarga ko‘ra, Toshkent havosi PM2,5 bilan bulg‘anishining yillik nisbatda o‘rtacha 28 foizi isitish sektori bilan bog‘liq. Qish oylarida asosan ko‘mir yoqilishi hisobiga bu omilning ulushi 45 foizgacha yetadi. Yillik nisbatda, shuningdek, sanoat korxonalari 13 foiz, barcha turdagi transportlar 16 foiz ulushga ega. Shahar atrofidagi hududlardan shamol orqali kirib keladigan chang PM2,5 bilan ifloslanishning 36 foizini tashkil etadi.

Atrof hududlardan keladigan changlar cho‘llanish darajasi bilan ham bog‘liq. Kechagi yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev endilikda 16 million gektarlik yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya qo‘mitasiga o‘tkazilishini ma’lum qildi. Qo‘mitaga yil yakunigacha cho‘llarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Shuningdek, kelasi yil “Yashil makon” dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Yig‘ilishda davlat rahbari Toshkentdagi drenaj tizimi borasida qat’iy e’tiroz bildirdi. “Kuni kecha bo‘lgan kuchli yomg‘ir haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi”, dedi Shavkat Mirziyoyev. Poytaxtdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarning tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Shahar hokimligi yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak.

Afg‘onistondan o‘tish arzonlashdi

Afg‘oniston o‘zbekistonlik haydovchilardan undiriladigan yig‘imlar miqdorini kamaytirdi. O‘zbekiston transport vazirligining ma’lum qilishicha, Amudaryo ko‘prigidan o‘tish uchun yig‘im avval 12 ming afg‘oniy yoki taxminan 182 dollar bo‘lgan bo‘lsa, 28 sentabrdan e’tiboran bu miqdor 7 ming afg‘oniy yoki taxminan 106 dollar deb belgilandi.

Afg‘onistonga yuk mashinasining kirishi uchun avval 5 ming afg‘oniy yoki taxminan 76 dollar miqdorida undirib kelingan yig‘im esa endilikda 3,5 ming afg‘oniy yoki 53 dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston tomoni transafg‘on multimodal transport yo‘lagi orqali yuk tashuvlariga qulay sharoitlar yaratish, undiriladigan yig‘imlar miqdorini optimallashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.

O‘qituvchilar oyligi

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi Qirg‘izistondagi o‘rtacha oyliklardan ham pastroq ekani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston ta’lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirboyevaning ma’lum qilishicha, mamlakatda o‘qituvchilarning o‘rtacha oyligi 26 400 somni tashkil etadi. Markaziy bank kursi bilan hisoblaganda, bu summa 3 mln 950 ming so‘mga teng.

O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-yarmida O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi maoshlar o‘rtacha 3,5 mln so‘m bo‘lgan. Agar 1 oktyabrdan boshlab ustozlarning maoshi 15 foizga oshirilganini inobatga olsak, O‘zbekistondagi o‘qituvchilarning oylik maoshi Qirg‘izistondagi maoshlar bilan teng darajaga chiqqan bo‘lishi mumkin.

Taqqoslash uchun, O‘zbekistonda jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot 2700 dollar, Qirg‘izistonda esa 1970 dollarni tashkil etadi.

Ayanchli yo‘l-transport hodisalari

Toshkent shahrida yana bir fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bugun tong soat 06:20 larda Chilonzor tumanidagi “Novza” masjidi ro‘parasida yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan ikki kishini Lacetti urib ketgan. Oqibatda ularning ikkisi ham halok bo‘lgan, mashina daraxtga borib urilishi oqibatida haydovchi ham vafot etgan.

Ikki kishining o‘limi bilan bog‘liq avariya Namangan viloyati Pop tumanida ham ro‘y berdi. Biroq tumanning Navro‘z mahallasida sodir bo‘lgan YTH tafsilotlari ma’lum emas – rasmiylar Kun.uz'ning bu haqdagi savollarini javobsiz qoldirdi. Shunisi ma’lumki, fojiadan keyin viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Pop tumani IIB rahbarlari mahallaga kelib, ro‘y bergan holatni mahalla mas’ullari va jamoatchilik ishtirokida muhokama qilgan.

Bugun, shuningdek, Farg‘ona viloyatida avvalroq fojiali YTH ro‘y bergani oydinlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, Furqat tumanida Cobalt haydovchisi atrofni tuman qoplagan bo‘lishiga qaramay, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan va ro‘paradan kelayotgan Damas bilan to‘qnashgan. Oqibatda Damas haydovchisi voqea joyida, uning turmush o‘rtog‘i esa shifoxonada vafot etgan. Sud hukmi bilan, Cobalt haydovchisi 3 yil muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilinib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ikki qavatli bekat

Toshkentda noodatiy bekat paydo bo‘ladi. Chilonzor tumani hokimligining ma’lum qilishicha, metroning “Chilonzor” bekati yonidagi eski avtobus bekati o‘rnida yangicha avtobekat qurilmoqda. Odamlar gapjum joydagi bekatning ikkinchi qavatida kafe joylashgan terassa bo‘ladi. Bekat ichidagi ochiq hovliga daraxt ekish, bu hududga aqlli svetofor o‘rnatish rejalashtirilgan.

“Loyiha boshlanishi haqida oldindan xabar berolmagani uchun qurilishga mas’ul tashkilotlar aholidan uzr so‘raydi”, deyiladi tuman hokimligining bayonotida. Rasmiy xabarda bekat qurilishi qanchaga tushishi, uni moliyalashtirish manbalari, kafeni yuritadigan tadbirkor qanday tanlab olinishiga aniqlik kiritilmagan.

Mavzuga oid