Jahon | 20:39 / 22.10.2024
5716
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Tramp McDonaldʼs yemakxonasida kartoshka qovurdi

Bungacha Kamala Harris bir vaqtlar shunday joyda ishlaganini aytgandi va Tramp uning so‘zlarini shubha ostiga olgandi. Kompaniya ulardan hech birini qo‘llamasligini bildirgan. Bu nimani anglatadi?

Doug Mills / The New York Times / AP / Scanpix / LETA

McDonaldʼs kompaniyasi o‘z xodimlariga AQSh prezidentligiga nomzodlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamayotgani aytilgan xat yuborgan — bu Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi doirasida tarmoq restoranlaridan birida 15 daqiqa davomida kartoshka qovurishi ortidan ro‘y berdi.

Sobiq prezident, davlat rahbarligi uchun Respublikachilar partiyasidan yana bir bor o‘z nomzodini qo‘ygan siyosatchi 20 oktyabr, yakshanba kuni «ikkilanuvchi» shtatlardan biri bo‘lmish Pensilvaniyadagi McDonaldʼs yemakxonasiga kelgan. CNN yozishicha, u pidjak o‘rniga ishchi fartukini kiygan va oshxonada kartoshka-fri qovurib, uni qadoqlagan. Keyin u buyurtmalarni tezkor qabul qilish oynasi orqali tayyorlagan yeguligini mijozlarga tarqatgan — Tramp buni o‘zi tayyorlagani va «uning hisobidan» ekanini aytgan. Prezidentlikka nomzod tashrifi vaqtida restoran zali yopiq bo‘lgan.

Bu Tramp o‘z raqibi, demokratlar nomzodi Kamala Harrisni yolg‘onda ayblashga urinishi fonida ro‘y berdi. Sentyabr oyi oxiridagi intervyularidan birida u talabalik yillarida o‘qish pulini to‘lash uchun ma’lum vaqt McDonaldʼs restoranida ishlaganini aytgandi. Harrisning o‘zi aytishicha, u kartoshka qovurgan va kassada turgan. Demokratlar nomzodi bu ishi haqida ilk bor gapirayotgani yo‘q — 2019 yilda ham u shunday bayonot bergandi.

Pensilvaniyada McDonaldʼs mijozlariga kartoshka tarqatarkan, Tramp Harris haqida eslab, jurnalistlarga «bu yerda Kamaladan 15 daqiqa ko‘proq ishlagani»ni aytdi.

Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA

Harris saylovoldi kampaniyasi doirasida millioner oilasida tug‘ilgan Trampdan farqli o‘laroq, o‘rta sinfdan chiqqan odam sifatida ko‘rsatmoqda. Avgust oyida uning vitse-prezidentlikka nomzodi Tim Uolz shunday degandi: «Siz Donald Tramp McDonaldʼs da ishlashini tasavvur qila olasizmi? U McFlurry uchun mashinani ham ishlata olmaydi, hatto hayoti shunga bog‘liq bo‘lib qolganida ham».

Tramp so‘nggi haftalarda Harrisning McDonaldʼsʼda ishlagani haqidagi da’volarini bir necha marta shubha ostiga oldi va bu gapni «feyk» deb atadi. Uning tarafdorlari Harrisdan dalil keltirishni talab qilishdi, ammo bu talab e’tiborsiz qoldirildi. Bir necha bor o‘zining ham yolg‘onlari fosh bo‘lib qolgan Tramp McDonaldʼs yemakxonasiga borishidan biroz oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda «ma’lumot so‘ragani» va Harrisning fastfud tarmog‘ida ishlagani haqidagi gaplarini tasdiqlovchi hech qanday dalil topilmagani haqida yozdi. Shu bilan birga, McDonaldʼsʼdagilar kompaniyada oddiy xodimlar bo‘yicha bu qadar eski ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidladi.

Shuningdek, McDonaldʼs namoyishkorona Trampni o‘zidan uzoqlashtirdi: rahbariyat nomidan xodimlarga yo‘llangan maktubda kompaniya hech qachon lavozim uchun saylovlarda biror nomzodni qo‘llamagani va «bu pozitsiya bu safargi prezidentlik poygasida ham o‘zgarishsiz qoldirilishi» bildirilgan. «Biz qizil yoki ko‘k emasmiz — biz oltinrangmiz», — deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, Trampning saylovoldi kampaniyasi xodimlari tarmoqning Pensilvaniyadagi franshizasiga murojaat qilib, prezident restoranga borishi uchun ruxsat so‘ragan. «Restoranlar eshiklari barchaga ochiqligi» tufayli bu so‘rov qanoatlantirilgan. McDonaldʼs oldinroq boshqa franshizalar Kamala Harrisni o‘z restoranlariga taklif qilganini ta’kidlagan.

Donald Tramp bir necha bor o‘zini fastfud ishqibozi deb atagandi. 2016 yilda u buni tez tayyorlanadigan taomlar tarmoqlarida mahsulot sifati yuqori bo‘lishi bilan izohlagandi. «Yegulik qayerdan olib kelingani tushunarsiz bo‘lgan qayergadir borish o‘rniga yaxshisi u yerga [yirik fastfud-tarmog‘i] boring», — degandi u.

2019 yilda, Tramp hali prezidentligida, amerikacha futbol bo‘yicha talabalar chempionati g‘oliblarini Oq uyda qabul qilganida ular uchun burger va pitssa buyurtma qilgandi. Trampning sobiq maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner o‘z avtobiografiyasida 2020 yilda kovidga chalingan Tramp McDonaldʼsʼdan big-mak, baliq filesi, kartoshka-fri va vanilli muzqaymoq buyurtma qilishni so‘raganini eslagan. «Shunda Tramp sog‘ayib ketganini tushundim», degan Kushner.

Mavzuga oid