Jahon | 22:37 / 27.10.2024
3877
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviya sobiq prezidenti Evo Moralesga suiqasd uyushtirildi

Moralesning so‘zlariga ko‘ra, Boliviyaning amaldagi prezidenti Luis Arse «uni siyosiy jihatdan yenga olmagani sabab jismoniy kuch ishlatishga o‘tgan».

Foto: AP

Boliviya sobiq prezidenti Evo Morales 27 oktyabr kuni o‘ziga suiqasd uyushtirilganini ma’lum qildi. Sobiq davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar uning mashinasiga qarata o‘q uzgan.

Qayd etilishicha, Moralesga hech qanday jarohat yetmagan, Boliviya hukumati hujum bo‘yicha ma’lumotlarni hozircha rasman tasdiqlamadi.

Evo Morales ijtimoiy tarmoqqa mashinada o‘tirgan odamlarning chinqirig‘i eshitilgan videoni joylashtirgan. Transport vositasining orqa va old oynalarida o‘q izlarini ko‘rish mumkin. Moralesning aytishicha, bu hukumatning ko‘rsatmasiga binoan amalga oshirilgan «uni to‘xtatishga urinish» hisoblanadi.

Keyingi saylovlarda ishtirok etish niyatida bo‘lgan Moralesning ma’lum qilishicha, Boliviyaning amaldagi prezidenti Luis Arse «uni siyosiy jihatdan yenga olmagani sabab jismoniy kuch ishlatishga o‘tgan». Hukumat vakillari mazkur ayblovga hech qanday izoh bermagan.

Boliviya sobiq prezidenti o‘zi har hafta ishtirok etadigan radioshouda hodisa uyidan radiostansiyaga yo‘l olganida sodir bo‘lganini aytdi. Orqa plandagi odamlar uning mashinasiga kamida 14 marta o‘q uzgan va haydovchini yaralagan.

Evo Morales 2006 yildan 2019 yilga qadar Boliviya prezidenti bo‘lgan. Joriy yilning sentabr oyida u amaldagi davlat rahbari Arsening iqtisodiy boshqaruviga qarshi norozilik namoyishlarini boshlagan edi. Iyun oyida esa Boliviyada davlat to‘ntarishiga urinishning oldi olingandi.

Mavzuga oid