O‘zbekiston | 08:10
2819
2 daqiqa o‘qiladi

Elektromobillar akkumulyatori uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi mumkin

To‘lovni tayyor mahsulotlarni import qiluvchilardan yoki mahalliy akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan undirish rejalashtirilgan.

Foto: Christian Charisius/dpa/picture alliance

O‘zbekistonda 2025 yildan elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda 28 oktyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma’lum qildi.

Spot xabariga ko‘ra, to‘lovni tayyor mahsulotlarni import qiluvchilardan yoki mahalliy akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan undirish rejalashtirilgan.

Shunday qilib, yangi soliq elektromobillar egalariga, shuningdek, avtomobillarni tayyor holda olib kiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli bo‘lmaydi, deya ta’kidladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. 

Agar soliq qo‘llansa, u batareyaning quvvatiga qarab o‘zgaradi. Yengil elektromobillar uchun to‘lov 5 mingdan 10 ming so‘mgacha, elektr yuk mashinalari uchun esa 370 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Natijada Iqtisodiyot va moliya vazirligi 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ishni kutmoqda. Keyinchalik olingan mablag‘larni Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid